Prezident yoshlar uchun yangi imtiyoz va imkoniyatlarni eʼlon qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni yoshlar bilan uchrashuvda ularni kasbga oʻqitish, ish bilan taʼminlash, tadbirkorlik va startaplarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi imtiyozlarni eʼlon qildi. Jumladan, bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga soliq yengilligi, yoshlarga 300 mln soʻmgacha foizsiz ssuda, ehtiyojmand oilalardagi yoshlarga noutbuk xaridi uchun yordam berilishi belgilandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan uchrashuvda yoshlarning kasb oʻrganishi, ishga joylashishi, tadbirkorlik boshlashi hamda axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni eʼlon qildi.
Kasb oʻrganish uchun vaucher va foizsiz ssuda
Har yili 500 ming nafar yoshni zamonaviy kasblarga oʻqitishga moʻljallangan “Kelajak bilimlari ekotizimi” tashkil etiladi.
Oʻquv markazi ochmoqchi boʻlgan yoshlarga yer uchastkalari va davlat obʼektlari imtiyozli shartlarda beriladi. Markazlar uchun zarur infratuzilma davlat hisobidan qurilib, binoni qurish va jihozlash uchun olingan kreditlar foizining bir qismi kompensatsiya qilinadi.

Yangi koʻnikmalarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlar uchun “kasb vaucheri” joriy etiladi. Har yili 50 ming nafar yoshning zamonaviy kasblarni egallash xarajatlari foizsiz ssuda hisobidan qoplanadi.
Ehtiyojmand oilalardagi 85 ming nafar ishsiz yoshga esa xususiy oʻquv markazlarida bepul oʻqish imkonini beruvchi vaucher taqdim etiladi. Ushbu tizimga 2026 yilning oʻzida 120 mlrd soʻm ajratilishi belgilandi.
Yangi oʻquv yilidan boshlab xususiy texnikumlarga ham yoshlarni kasbga oʻqitish uchun davlat grantlari ajratiladi. Xususiy texnikumlar faoliyati uchun litsenziya talablari soddalashtiriladi. Xalqaro kasb tanlovlarida gʻolib boʻlgan yoshlar va ularning ustozlari pul mukofotlari bilan ragʻbatlantiriladi.
Bitiruvchini ishga olgan tadbirkorga soliq imtiyozi
Oliy taʼlim muassasasi bitiruvchisini ishga olgan tadbirkorlar uchun yosh mutaxassisga nisbatan daromad va ijtimoiy soliq stavkalari bir yil davomida 1 foiz etib belgilanadi.
Prezident administratsiyasi hisob-kitobiga koʻra, ushbu imtiyoz qariyb 200 ming nafar oliygoh bitiruvchisining ishga joylashishiga yordam berishi mumkin.

Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, harbiy xizmatdan, migratsiyadan yoki jazoni oʻtash muassasalaridan qaytgan hamda jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni ish va kasb bilan taʼminlash uchun “Kafolatlangan birinchi qadam” paketi joriy qilinadi.
Shuningdek, “Ustoz — talaba” dasturi doirasida uyushmagan yoshlarga taʼlim olish, kasb oʻrganish yoki ishga joylashishda koʻmaklashgan talabalarni ragʻbatlantirish koʻzda tutilmoqda.
Yoshlar 300 mln soʻmgacha foizsiz ssuda oladi
Yigʻilishda “Yoshlar mini-franshizasi” dasturini ishga tushirish ham eʼlon qilindi.
Dastur doirasida mahalliy brendlarning franshizasini olib, tayyor biznes model asosida faoliyat boshlamoqchi boʻlgan yoshlarga Yoshlar tadbirkorligi jamgʻarmasidan 300 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi.

“Kafolatlangan birinchi qadam” va yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash dasturlariga jami 500 mlrd soʻm yoʻnaltirilishi belgilandi.
Bundan tashqari, Yoshlar tadbirkorligi jamgʻarmasi yuqori daromad va koʻplab ish oʻrinlari yaratadigan biznes loyihalarga 5 mlrd soʻmgacha investitsiya kiritadi. Yangi tizim orqali kamida 300 ming nafar yoshning oʻz biznesini boshlashiga koʻmaklashish rejalashtirilgan.
Kontraktga chegirma va ipoteka imkoniyatlari
Yoshlarning taʼlim, kasb, tadbirkorlik, ilm-fan va jamoatchilik faoliyatidagi natijalarini baholovchi “Oʻzbekiston yoshlar ligasi” platformasi tashkil etiladi.
Platformada yuqori natijaga erishgan yoshlarga:
- taʼlim granti;
- kontrakt toʻloviga chegirma;
- kasb vaucheri;
- imtiyozli kredit;
- xorijiy stajirovka;
- davlat kadrlari zaxirasiga kirish;
- ipoteka olish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlar beriladi.
Shuningdek, kasb va xorijiy til oʻrganish, ish topish hamda tadbirkorlik boʻyicha xizmatlarni bir joyda koʻrsatadigan Yoshlar xablari tashkil qilinadi. Dastlabki tajriba Surxondaryo viloyatida boshlanib, keyinchalik boshqa hududlarga tatbiq etiladi.
Har yili 2 ming yosh xorijda stajirovka oʻtaydi
Davlat boshqaruvi uchun iqtidorli yoshlarni saralash maqsadida beshta yoʻnalish boʻyicha “TOP-100” dasturi yoʻlga qoʻyiladi. Gʻoliblar mukofotlanib, rahbarlik lavozimlariga tavsiya qilinadi.
Vazirliklar va yirik tarmoqlar iqtidorli yoshlarni oʻz yoʻnalishlari boʻyicha tanlab, xalqaro tashkilotlarga stajirovkaga yuboradi. Har yili 2 ming nafar yoshni xorijiy stajirovkalar bilan qamrab olish rejalashtirilmoqda.
Xorijning yetakchi oliygohlarida oʻqiyotgan 14 mingdan ortiq oʻzbekistonlik yoshning taʼtil vaqtida mamlakatdagi vazirliklar, hokimliklar, davlat va xususiy kompaniyalarda amaliyot oʻtashi uchun raqamli platforma yaratiladi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali endilikda yoshlarni xususiy kompaniyalar buyurtmasi asosida ham nufuzli xorijiy universitetlarda oʻqitish imkoniyati yoʻlga qoʻyiladi.
100 ta startapga 1 mlrd soʻmgacha investitsiya
Har bir vazirlik, tarmoq va hududda “1 mingta masalaga — yoshlardan 1 mingta yechim” loyihasi amalga oshiriladi.
Yoshlar ishlari agentligi biznes, axborot texnologiyalari va kreativ iqtisodiyot yoʻnalishidagi 100 ta eng yaxshi startap loyihaga 1 mlrd soʻmgacha investitsiya kiritadi.
Xorijiy tillarni yaxshi biladigan yoshlar tomonidan Oʻzbekistonning tarixi, turizm salohiyati va eksport imkoniyatlari haqidagi materiallarni yaratish uchun “raqamli kontent” platformasi ishga tushiriladi. Platformaga har yili 20 mlrd soʻmdan mablagʻ ajratiladi.
10 ming yoshga kompyuter olish uchun yordam
2026 yilda 20 ta oliy taʼlim muassasasida sunʼiy intellekt laboratoriyalari ochiladi. Yoshlar ushbu laboratoriyalar va “Raqamli hukumat” markazidagi superkompyuter imkoniyatlaridan bepul foydalanishi mumkin boʻladi.
Yangi AT parklar hisobidan 20 mingdan ortiq yuqori daromadli ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan. “Mening birinchi kompyuterim” dasturi orqali ehtiyojmand oilalardagi 10 ming nafar yoshga noutbuk xarid qilish uchun yordam beriladi.
AT va sunʼiy intellekt yoʻnalishida oʻqiyotgan talabalar uchun dual taʼlim kengaytiriladi. Shuningdek:
- “Muhammad al-Xorazmiy” davlat stipendiyasi;
- iqtidorli qizlar uchun “Muhandis qizlar” stipendiyasi taʼsis etiladi.
Xalqaro fan olimpiadalari gʻoliblariga berilayotgan 1 mlrd soʻmlik mukofot sunʼiy intellekt boʻyicha xalqaro olimpiada gʻoliblariga ham tatbiq qilinadi.
AT parklarda kompyuter va mobil oʻyin ishlab chiquvchilar uchun inkubatsiya markazlari ochiladi. Har yili milliy ruhdagi kamida 20 ta kompyuter va mobil oʻyin yaratish uchun davlat buyurtmasi beriladi.
Yoshlar tashabbuslariga 50 mlrd soʻm
Ijtimoiy tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash uchun “Vatan mehri — ijtimoiy tashabbuslar” tanlovi hamda ijtimoiy xavf guruhidagi bolalarga yordam beruvchi “Qanot” loyihasi tashkil etiladi.
“Yoshlar tashabbuslari marafoni” doirasida bildirilgan takliflarni amaliy loyihaga aylantirish uchun “Tashabbuslar ofisi” ochilib, ushbu yoʻnalishga 50 mlrd soʻm ajratiladi.









