Payme 2025 yilda 390 mlrd soʻm sof foyda oldi
Payme 2025 yilda asosiy moliyaviy koʻrsatkichlar boʻyicha yuqori oʻsishni qayd etdi. Kompaniyaning tushumi 56 foizga, aktivlari esa 2,6 baravar koʻpaydi. Sof foyda 390,1 mlrd soʻmni tashkil etib, bir yil ichida 42 foizga oʻsdi.

Payme 2025 yil yakunlari boʻyicha 390,1 mlrd soʻm sof foyda oldi. Bu 2024 yildagi 274,3 mlrd soʻmlik koʻrsatkichga nisbatan 42,2 foizga koʻp. Bu haqda kompaniyaning yillik hisobotida maʼlum qilingan.
Kompaniyaning xizmatlar koʻrsatishdan olgan sof tushumi 492,1 mlrd soʻmdan 769,7 mlrd soʻmga yetib, 56,4 foizga oshdi. Yalpi foyda esa 46,8 foizga koʻpayib, 578,3 mlrd soʻmni tashkil etdi.
Asosiy faoliyatdan olingan foyda 262,2 mlrd soʻmdan 365,5 mlrd soʻmga, soliqqa qadar foyda esa 276,7 mlrd soʻmdan 397,2 mlrd soʻmga yetgan.
Shu bilan birga, kompaniya xarajatlarida ham sezilarli oʻsish kuzatilgan. Koʻrsatilgan xizmatlar tannarxi qariyb ikki baravar oshib, 191,4 mlrd soʻmni tashkil etdi. Davr xarajatlari 60 foizga oʻsib, 212,9 mlrd soʻmga yetgan. Jumladan, maʼmuriy xarajatlar 47 mlrd soʻmdan 89,5 mlrd soʻmga, boshqa operatsion xarajatlar esa 18,1 mlrd soʻmdan 45,5 mlrd soʻmga koʻpaygan.
Natijada Payme’ning sof foyda marjasi 2024 yildagi 55,8 foizdan 2025 yilda 50,7 foizgacha pasaygan. Yaʼni kompaniya har 100 soʻmlik tushumdan qariyb 51 soʻm sof foyda olgan.
Yil davomida Payme aktivlari 2,6 baravar oshib, 1,02 trln soʻmga yetdi. Kompaniya hisobidagi pul mablagʻlari 137,4 mlrd soʻmdan 636,9 mlrd soʻmga, oʻz kapitali esa 381,1 mlrd soʻmdan 740,7 mlrd soʻmga koʻpaygan.
Majburiyatlar 17,4 mlrd soʻmdan 279,2 mlrd soʻmga oshgan. Hisobotda Payme 2025 yil sentabrida TBC Bankdan 250 mlrd soʻmlik qisqa muddatli kredit olgani koʻrsatilgan. Kompaniyaning ustav kapitali ham 10 mlrd soʻmdan 20 mlrd soʻmga yetkazilgan.
Bundan tashqari, Payme 2025 yil oktabrida yagona aksiyadoriga 30 mlrd soʻm dividend toʻlagan.









