Paramount Warner Bros.’ni sotib olish uchun $108 mlrdlik taklif bilan chiqdi
Paramount Netflix’ning 82,7 milliard dollarlik kelishuviga javoban Warner Bros. Discovery’ni toʻliq sotib olish boʻyicha har bir aksiya uchun 30 dollarlik naqd taklif berdi. 108 mlrd dollardan oshadigan bu bitim aksiyadorlarni Netflix bilan kelishuvdan ustun variantni koʻrib chiqishga undamoqda.

Paramount Warner Bros. Discovery’ni sotib olish uchun “dushmanona” (hostile) taklif bilan chiqqanini eʼlon qildi. Bu qaror kompaniyaning Netflix bilan yirik savdo boʻyicha kurashda magʻlub boʻlganidan keyin yuzaga keldi.
Paramount media-konglomeratning har bir aksiyasi uchun 30 dollar taklif qilmoqda. Bitim umumiy qiymati 108 milliard dollardan oshishi aytilmoqda. Warner Bros. Discovery tarkibiga Warner Bros. kinostudiyasi, HBO kabel kanali, HBO Max striming xizmati hamda bir qator kabel televideniye brendlari kiradi.
Oʻtgan hafta Netflix Warner Bros. Discovery’ning studiya va striming aktivlarining katta qismini har bir aksiya uchun 27,75 dollarga sotib olishga rozi boʻlgandi. Netflix’ning taklifi 82,7 milliard dollarga baholangan boʻlib, unga Warner’ga tegishli kabel kanallari kirmagan.
Paramount oʻz bayonotida Warner Bros. aksiyadorlariga “Netflix bitimiga nisbatan ustun muqobil” taqdim etayotgani, Netflix bilan kelishuv esa kompaniyani murakkab tartibga soluvchi jarayonlarga tortishini maʼlum qildi. AQSh qonunchiligiga koʻra, Warner Bros. Discovery aksiyadorlari taklifni koʻrib chiqishga majbur.
“WBD aksiyadorlari bizning ustun, toʻliq naqd puldan iborat taklifimizni koʻrib chiqishga haqli”, dedi Paramount bosh direktori Devid Ellison. “Bizning ommaviy taklifimiz direktorlar kengashiga berilgan maxfiy taklif bilan bir xil shartlarda, biroq aniqroq va tezroq yakunlanadigan jarayonni taklif etadi”.
Ellison joriy yilda Paramount’ni 8 milliard dollarga sotib olgan va studiya aktivlarini oʻzining Skydance kompaniyasiga birlashtirgan edi. U — texnologiya magnati, prezident Donald Trampga yaqin milliarder Larri Ellisonning oʻgʻli.
Netflix taklifidan farqli ravishda, Paramount’ning bitimi toʻliq naqd puldan iborat boʻlib, Ellisonlar oilasining boyligi bilan taʼminlanadi. Kompaniya shuningdek Bank of America, Citi va Apollo Global Management tomonidan 54 milliard dollarlik moliyalashtirish majburiyati mavjudligini bildirdi. Bitimning umumiy qiymati 108 milliard dollardan oshadi.
Agar Paramount Netflix’ni ortda qoldira olsa, yiliga “30+” kinoni teatr relizi bilan chiqarishni vaʼda qilmoqda.
“Biz boshlagan ishni oxiriga yetkazish uchun bu yerdamiz”, dedi Ellison CNBC’ga bergan intervyusida. “Birinchi oʻrindagi strimerni uchinchi oʻrindagi strimer bilan birlashtirish — 400 milliondan ortiq obunachi bilan mislsiz bozor kuchiga ega kompaniya yaratadi. Keyingi yirik raqib — Disney, u deyarli 200 million obunachiga ega. Bu Gollivud uchun juda yomon holat”.
“Bizda ustun taklif bor va uni bevosita aksiyadorlarga taqdim etyapmiz. Ular buni maʼqullashiga ishonaman”, deya qoʻshimcha qildi u.
7 dekabr kuni Tramp Netflix’ning Warner Bros.’ni sotib olishini potensial antimonopoliya “muammosi” deb atadi. U, shuningdek, ushbu bitimni tasdiqlash jarayonida “ishtirok etishini” bildirdi. Tramp Netflix hammuassisi Ted Sarandos yaqinda mazkur masalani muhokama qilish uchun Oval kabinetga kelganini, biroq hech qanday vaʼda berilmaganini ham aytdi.









