Oʻzbekistonliklar pullarini bankdan koʻra koʻproq “koʻrpacha ostida” saqlashni afzal koʻrmoqda
Markaziy bank va Osiyo taraqqiyot banki oʻtkazgan soʻrovga koʻra, Oʻzbekistonda respondentlarning qariyb yarmi mablagʻlarini uyda yoki hamyonda naqd koʻrinishda saqlaydi. Respondentlarning 73 foizi bank omonatlari haqida xabardor boʻlsa-da, ulardan atigi 6 foizi foydalanadi. Shuningdek, oʻzbekistonliklarning 39 foizi umuman jamgʻarma qilmasligi maʼlum boʻldi.

Oʻzbekistonliklar pullarini asosan naqd va norasmiy usullarda jamgʻaradi. Bu haqda Markaziy bank va Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida oʻtkazilgan soʻrov natijalaridan kelib chiqadi.
Tadqiqotga koʻra, respondentlarning qariyb yarmi mablagʻlarini uyda yoki hamyonda naqd koʻrinishda saqlashini bildirgan. Markaziy bank tahliliga koʻra, bu aholining tez va oson foydalanish mumkin boʻlgan jamgʻarma shakllariga kuchli afzallik berayotganini koʻrsatadi.
Shu bilan birga, mamlakatda rasmiy jamgʻarma vositalaridan foydalanish darajasi hali past boʻlsa-da, soʻnggi yillarda sezilarli oʻsish kuzatilgan.
Agar 2021 yilda respondentlarning atigi 2,6 foizi rasmiy vositalar orqali jamgʻarishini bildirgan boʻlsa, 2025 yilga kelib bu koʻrsatkich uch baravardan koʻproq oshgan. Hozirda aholining 6 foizi mablagʻini joriy hisoblarda, 1,4 foizi esa omonat hisoblarida saqlaydi. Umuman olganda, rasmiy jamgʻarma vositalaridan foydalanuvchilar ulushi respondentlarning 7 foizini tashkil etadi.
Mutaxassislar bu koʻrsatkichlar hali past boʻlsa-da, moliyaviy savodxonlikning oshib borayotgani va moliyaviy xizmatlardan foydalanish asta-sekin kengayayotganini anglatishini taʼkidlaydi.
Soʻrov natijalari jamgʻarma odatlarida hudud, taʼlim darajasi va bandlik boʻyicha sezilarli tafovutlar mavjudligini ham koʻrsatdi.
Masalan, respondentlarning 73 foizi omonat xizmatlari haqida xabardor, biroq ulardan atigi 6 foizi foydalanadi. Bu moliyaviy mahsulotlar orasidagi eng katta tafovutlardan biri hisoblanadi.
Ishtirokchilarning 39 foizi umuman jamgʻarma qilmasligini bildirgan. Bu holat, ayniqsa, shimoli-gʻarbiy hududlarda va taʼlim darajasi past boʻlgan guruhlarda koʻproq uchraydi. Aksincha, taʼlim darajasi oshgani sari jamgʻarma qilish ehtimoli ham ortadi. Masalan, Toshkent shahrida (25%) va oliy maʼlumotga ega respondentlar (27%) orasida jamgʻarma qilmaslik kamroq kuzatiladi.
Bandlik holati ham muhim omil hisoblanadi. Talabalar orasida 26 foiz, ish bilan band boʻlmaganlar orasida 32 foiz, nafaqadagi respondentlarda esa 46 foiz jamgʻarma qilmasligini bildirgan.
Tadqiqot shuningdek, ayollar va keksalar orasida jamgʻarma qilmaydiganlar ulushi nisbatan yuqoriroq ekanini koʻrsatdi. Jamgʻarma qilayotgan respondentlarning esa atigi 7 foizi oʻz mablagʻlari boʻyicha foiz daromadi olayotganini bildirgan. Bu koʻpchilik jamgʻarmalar norasmiy yoki foiz toʻlanmaydigan shakllarda saqlanayotganini anglatadi.
Umuman olganda, aholining moliyaviy mahsulotlar haqida xabardorligi yuqori boʻlsa-da, omonatlar va boshqa rasmiy jamgʻarma vositalaridan foydalanish darajasi hali ham pastligicha qolmoqda.









