Oʻzbekistonliklar daromadi qanday oʻzgarmoqda?
Toshkent shahri aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar bo‘yicha deyarli barcha hududlardan ikki barobar oldinda bormoqda.
Namangan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo viloyati va qolgan yettita viloyatda aholiga jon boshiga toʻgʻri keluvchi daromad mamlakat boʻyicha oʻrtacha darajadan past boʻlmoqda.

Umumiy daromadlar va oʻsish surʼatlari
2024 yilning yanvar-dekabr oylarida Oʻzbekiston Respublikasi aholisi umumiy daromadlari 896,3 trillion soʻmni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich 2023 yilga nisbatan nominal jihatdan 18,5 foizga va real jihatdan 8,1 foizga oʻsdi. Inflyatsiya hisobga olingan holda aholi daromadlari oshgani kuzatilmoqda. Biroq, hududlar boʻyicha aholi daromadlari bir tekis taqsimlanmagan boʻlib, iqtisodiy faollik darajasi mintaqalar kesimida sezilarli farq qilmoqda.
Toshkent shahri aholisining daromadi qolganlarga nisbatan tezroq oʻsmoqda
Respublika boʻyicha aholi jon boshiga umumiy daromad 24,1 million (+5,9% real oʻsish) soʻmni tashkil etdi. Hududlar boʻyicha daromadlar taqsimotiga nazar tashlasak, Toshkent shahri eng yuqori koʻrsatkich bilan yetakchilik qilmoqda. Bu hududda aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromad 60,6 million (+15,4%) soʻmni tashkil etdi. Bu deyarli barcha hududlardan ikki barobar yuqori koʻrsatkich deganidir. Oʻrtacha oylik maosh hisobida ham Toshkentda istiqomat qiluvchilar oylik maoshi tezroq oʻsmoqda.

Undan keyingi oʻrinlarda Navoiy viloyati 38,1 million (+7,9%) soʻm, Buxoro viloyati 27,5 million (+2,4%) soʻm va Toshkent viloyati 25,1 million (+6,4%) soʻm bilan joylashgan. Ushbu hududlarda sanoat, savdo va xizmat koʻrsatish tarmoqlarining rivojlanganligi aholining daromad darajasiga ijobiy taʼsir qilmoqda.
Boshqa tomondan, aholining jon boshiga eng past daromadga ega hududlar qatoriga Namangan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Surxondaryo viloyati kiradi. Namangan viloyatida bu koʻrsatkich 16,8 million soʻmni, Qoraqalpogʻistonda 16,9 million soʻmni va Surxondaryo viloyatida 17,9 million soʻmni tashkil etdi.
Mehnat faoliyatidan olingan daromadlar
Aholi daromadlarining asosiy qismini mehnat faoliyatidan olingan mablagʻlar tashkil etadi. Hududlar boʻyicha mehnat daromadlari oʻsish surʼati boʻyicha ham Toshkent shahri oldinda bormoqda. Poytaxtda bu koʻrsatkich 26,8 foizga yetib, eng yuqori oʻsish surʼatiga ega boʻldi. Samarqand viloyatida mehnat daromadlari 19,2 foizga, Jizzax viloyatida esa 17,4 foizga oʻsdi.
Shu bilan birga, eng past mehnat daromadlari oʻsish surʼati Namangan, Surxondaryo va Fargʻona viloyatlarida kuzatildi. Namangan viloyatida mehnat daromadlari oʻsishi 0,5 foizni, Surxondaryoda 0,2 foizni va Fargʻonada esa 1,1 foizni tashkil etdi.
Mustaqil ravishda olingan daromadlar
Mustaqil ravishda band boʻlishidan olingan daromadlar ham iqtisodiy oʻsishda muhim rol oʻynaydi. 2024 yil davomida bu daromadlar 15,9 foizga oshgan boʻlib, umumiy daromadlarning 35 foizini tashkil etdi. Jizzax viloyatida bu koʻrsatkich umumiy daromadning yarminii, Buxoroda 47,4 foizini, Qashqadaryo va Surxondaryoda esa 44,8 foizni tashkil etdi. Ushbu hududlarda kichik tadbirkorlik va norasmiy sektorning rivojlanganligi sababli mustaqil daromad manbalari yuqori hisoblanadi. Toshkent shahrida esa bu ulush 9,6 foiz boʻlib, bu yerda ish haqi asosiy daromad manbai boʻlib qolmoqda.
Transfert va mol-mulk daromadlari
Transfertlardan olingan daromadlar umumiy daromadlarning 26 foizini tashkil etib, 13,7 foizga oshdi. Ushbu daromadlar tarkibida pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalar 36,6 foizni tashkil etgan boʻlsa, boshqa turdagi joriy transfertlar, jumladan, chet eldan kelayotgan pul oʻtkazmalari 63,4 foizni tashkil etdi.
Mol-mulkdan olingan daromadlar esa 3,3 foiz ulushga ega boʻlib, 30,1 trillion soʻmni tashkil etdi. Ushbu daromadlarning 63,5 foizi Toshkent shahriga toʻgʻri kelgan.
Oʻzbekiston iqtisodiyoti umumiy oʻsishda davom etayotgan boʻlsa-da, hududlar oʻrtasidagi sezilarli daromad tafovutlari saqlanib qolmoqda.