Oʻzbekistondagi kriptodoʻkonlarning 36 foizi faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan
Istikbolli loyihalar milliy agentligi reyestriga koʻra, Oʻzbekistonda kriptodoʻkon faoliyati uchun litsenziyaga ega 14 ta kompaniyaning 5 tasi faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan.

26 oktabr kuni ILMA “MONETEX” MChJga kriptodoʻkon faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berdi. Natijada reyestrdagi amaldagi litsenziyalar soni 14 taga yetgan.
Shu bilan birga, ulardan beshtasining faoliyati olti oy muddatga toʻxtatilgan. Jumladan, CRYPTO EXPRESS litsenziyasi 1 iyundan, CRYPTO MAGNATniki 1 sentabrdan, CRYPTOCORP, C-CASH va T-FIRM litsenziyalari esa 1 oktabrdan toʻxtatilgan.
| Kompaniya | Toʻxtatilgan sana | Muddat |
|---|---|---|
| CRYPTO EXPRESS | 1 iyun | 6 oy |
| CRYPTO MAGNAT | 1 sentabr | 6 oy |
| CRYPTOCORP | 1 oktabr | 6 oy |
| C-CASH | 1 oktabr | 6 oy |
| T-FIRM | 1 oktabr | 6 oy |
Natijada 26 oktabr holatiga kriptodoʻkon faoliyatini cheklovsiz amalga oshirish huquqiga ega kompaniyalar soni 9 tani tashkil etmoqda.
Bundan tashqari, 2026 yilda CRYPTO MARKET kompaniyasining litsenziyasi ham bekor qilingan. ILMA maʼlumotiga koʻra, bunga kompaniyaning faoliyatni qayta tiklash uchun belgilangan muddatda murojaat qilmagani sabab boʻlgan.
Kriptodoʻkon litsenziyasining vaqtincha toʻxtatilishi har doim ham qonunbuzarlik mavjudligini anglatmaydi. Amaldagi tartibga koʻra, litsenziat oʻz tashabbusi bilan ham faoliyatini olti oygacha toʻxtatib turishni soʻrashi mumkin.
ILMA reyestrida beshta kompaniya boʻyicha litsenziya amal qilishi toʻxtatilgani koʻrsatilgan, biroq barcha holatlarning aniq sabablari ochiqlanmagan.









