11 913.350 so‘m

increase

14.260

13 328.660 so‘m

increase

30.240

142.390 so‘m

increase

0.860

11 913.350 so‘m

increase

14.260

9 soat avval
Bank
72

Oʻzbekistonda xususiy banklar davlat banklaridan qariyb uch baravar tez oʻsmoqda

Oʻzbekistonda davlat ulushi mavjud boʻlmagan banklarning aktivlari bir yil ichida 32,5 foizga oshgan. Davlat ishtirokidagi banklarda esa oʻsish 11,6 foizni tashkil etgan. Natijada davlat banklarining bank tizimi jami aktivlaridagi ulushi qariyb 4 foiz punktga qisqargan. 

Oʻzbekistonda xususiy banklar davlat banklaridan qariyb uch baravar tez oʻsmoqda

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2026 yil 1-sentabr holatiga mamlakatdagi tijorat banklarining jami aktivlari 1 025,8 trln soʻmga yetgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 162,6 trln soʻm yoki 18,8 foiz koʻp.

Shundan 628,3 trln soʻmi davlat ulushi mavjud toʻqqizta bankka, qolgan 397,5 trln soʻmi esa 26 ta nodavlat bankka toʻgʻri kelgan.

Bir yil davomida davlat banklarining aktivlari 11,6 foizga, qolgan banklarniki esa 32,5 foizga oshgan. Nodavlat banklarning oʻsish surʼati davlat banklarinikidan qariyb 2,8 baravar yuqori boʻlgan.

2025 yil sentabrida davlat banklarining aktivlari qariyb 563 trln soʻmni, boshqa banklarniki esa 300 trln soʻmni tashkil etgan. Bir yil ichida davlat banklari aktivlari 65 trln soʻmdan, nodavlat banklarniki esa 97 trln soʻmdan koʻproqqa oshgan.

Natijada bank tizimidagi aktivlar oʻsishining qariyb 60 foizi nodavlat banklar hissasiga toʻgʻri kelgan.

Davlat banklarining bozordagi ulushi qisqarmoqda

2025 yil sentabrida davlat ishtirokidagi banklar jami aktivlarning 65,2 foizini nazorat qilgan boʻlsa, 2026 yil sentabriga kelib bu koʻrsatkich 61,2 foizgacha pasaygan.

Aksincha, nodavlat banklarning ulushi 34,8 foizdan 38,8 foizgacha oshgan.

Shunga qaramay, davlat banklari Oʻzbekiston bank tizimida yetakchi mavqeyini saqlab qolmoqda. Ularning hissasiga barcha kreditlarning 65 foizi va depozitlarning 51 foizi toʻgʻri keladi.

Aktivlar hajmi boʻyicha Oʻzbekiston Milliy banki yetakchilik qilmoqda. Uning aktivlari 142,8 trln soʻmni tashkil etgan. Keyingi oʻrinlarda Agrobank 126,3 trln soʻm va Oʻzsanoatqurilishbank 101,8 trln soʻmlik aktivlar bilan joylashgan.

Ayni paytda aktivlari 30 trln soʻmdan oshgan 12 ta bank mamlakat bank tizimi jami aktivlarining 78,5 foizini jamlagan.

Banklardagi depozitlar kreditlardan tezroq oʻsmoqda

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, bank tizimining kredit portfeli bir yil ichida 11,7 foizga oshib, 648,9 trln soʻmga yetgan.

Depozitlar esa bundan qariyb uch baravar tez — 34,1 foizga oʻsib, 487,6 trln soʻmni tashkil etgan.

Natijada banklarning kreditlari va depozitlari oʻrtasidagi nisbat 160 foizdan 133 foizgacha pasaygan. Bu depozit bazasi kredit portfeliga nisbatan tezroq kengayayotganini koʻrsatadi.

Shu bilan birga, banklarning jami kapitali 17,6 foizga oshib, 151,5 trln soʻmga yetgan. Muammoli kreditlar hajmi esa 24 trln soʻmni yoki jami kredit portfelining 3,7 foizini tashkil etgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+