Oʻzbekistonda uy-joy narxlari bir yilda 4 foizga oshdi
2026 yilning II choragida kvartiralar birlamchi bozorda 7,1 foizga, ikkilamchi bozorda 4,2 foizga qimmatlashdi. Endilikda narxlar indeksi uy-joyning maydoni, joylashuvi va boshqa xususiyatlarini hisobga oluvchi yangi metodologiya asosida hisoblanmoqda.

Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2026 yilning II choragida Oʻzbekistonda turar joy koʻchmas mulki narxlari oʻtgan chorakka nisbatan 1,3 foizga, 2025 yilning mos davriga nisbatan esa 4 foizga oshgan.
Kvartiralar narxi bir yil davomida oʻrtacha 5,5 foizga qimmatlashgan. Jumladan, birlamchi bozorda narxlar 7,1 foizga, ikkilamchi bozorda esa 4,2 foizga koʻtarilgan.
Yakka tartibdagi uylar narxi 2025 yilning II choragiga nisbatan 2 foizga oshgan.
Hududlar kesimida Toshkent shahrida kvartiralar narxi bir yilda 3,9 foizga, respublikaning boshqa hududlarida esa oʻrtacha 7 foizga koʻtarilgan.
Narxlar endi yangi usulda hisoblanadi
2026 yilning II choragidan boshlab Oʻzbekistonda uy-joy bozori narxlari indeksini hisoblash metodologiyasi yangilandi. Yangi tartib xalqaro standartlar asosida, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ekspertlari koʻmagida ishlab chiqilgan.
Asosiy oʻzgarishlardan biri — gedonik regressiya usulining joriy etilishi boʻldi. Mazkur usul uy-joyning umumiy maydoni, joylashuvi, qavati, xonalar soni, bino turi va boshqa xususiyatlarni hisobga olib, narxlar dinamikasini aniqroq baholash imkonini beradi.
Masalan, bir chorakda katta va qimmat kvartiralar, keyingi chorakda esa kichik va arzonroq uylar koʻproq sotuvga qoʻyilsa, oddiy hisoblash usulida bu holat oʻrtacha narxga taʼsir qilishi mumkin. Yangi metodologiya esa uy-joylarning xususiyatlaridagi farqlarni ajratib, narxning sof oʻzgarishini baholaydi.
Shuningdek, indeks qamrovi ham kengaytirildi. Avval hisob-kitoblarda asosan kvartiralar inobatga olingan boʻlsa, endilikda ikkilamchi bozorda sotuvga qoʻyilgan yakka tartibdagi uylar ham statistik kuzatuvga kiritiladi.
Maʼlumotlarning asosiy manbasi sifatida OLX.uz platformasidagi uy-joy sotish eʼlonlaridan foydalaniladi. Ayrim hududlarda maʼlumotlar yetarli boʻlmagan taqdirda koʻchmas mulk agentliklari va riyeltorlarning ochiq Telegram kanallaridagi eʼlonlar ham oʻrganiladi.
2026 yilning birinchi yarmida indeksni hisoblash uchun har chorakda qariyb 150 mingta narx taklifi tahlil qilingan. Bunda eʼlonlardagi narxlar uy-joyning yakuniy sotilgan qiymati emas, sotuvchilar tomonidan taklif etilgan narxlar ekanini hisobga olish lozim.
Yangi va avvalgi koʻrsatkichlarni taqqoslash imkonini saqlab qolish maqsadida 2024 yildan boshlangan uy-joy narxlari dinamikasi ham yangi metodologiya asosida qayta hisoblangan.
Uy-joy narxlari indeksi har chorakda Milliy statistika qoʻmitasining rasmiy saytida eʼlon qilib boriladi.









