Oʻzbekistonda poyabzallarni majburiy markirovkalash joriy etilishi mumkin
Ichki bozorda sotiladigan ayrim turdagi poyabzallarni raqamli markirovkalash 2027 yil 1 yanvardan sinov tariqasida, 2028 yil 1 yanvardan esa majburiy tartibda joriy etilishi taklif qilinmoqda.
Chakana sotuvchilarga markirovkasiz qoldiqlarni sotish uchun 2028 yil 1 oktabrgacha muddat berilishi mumkin.

Soliq qoʻmitasi Oʻzbekistonda ayrim turdagi poyabzallarni raqamli markirovkalash boʻyicha hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasi portaliga joylashtirdi. Loyiha ichki bozorda sotiladigan mahalliy va import poyabzallarga taalluqli.
Talab Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining 6401–6405 kodlariga kiruvchi poyabzallarga tatbiq etilishi mumkin.
- 6401 — rezina yoki plastmassadan tayyorlangan suv oʻtkazmaydigan poyabzal.
- 6402 — tagligi va ustki qismi rezina yoki plastmassadan tayyorlangan boshqa poyabzal.
- 6403 — ustki qismi tabiiy charmdan tayyorlangan poyabzal.
- 6404 — ustki qismi toʻqimachilik materiallaridan tayyorlangan poyabzal.
- 6405 — boshqa turdagi poyabzal.
Loyihaga koʻra, 2028 yil 1 yanvargacha ishlab chiqarilgan yoki Oʻzbekistonga olib kirilgan markirovkasiz poyabzallarni sotishga oʻtish davrida ruxsat beriladi. Muddat savdo zanjiridagi ishtirokchiga qarab farq qiladi.
- Ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar uchun — 2028 yil 1 aprelgacha.
- Ulgurji sotuvchilar uchun — 2028 yil 1 iyulgacha.
- Chakana sotuvchilar uchun — 2028 yil 1 oktabrgacha.
Soliq qoʻmitasi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi va tegishli idoralar bilan birga yangi talablar boʻyicha tushuntirish ishlarini tashkil etishi koʻzda tutilgan.









