Oʻzbekistonda muddatli toʻlov bozori tartibga solinmoqda. Asosiy oʻzgarishlar
2027 yil 1 yanvardan muddatli toʻlov xizmatlarini koʻrsatuvchi kompaniyalar Markaziy bank nazoratiga olinadi. Shartnoma muddati koʻpi bilan 12 oy, uning qiymati esa 250 BHM (110 mln soʻm) dan oshmasligi belgilanmoqda.

Hujjatning toʻliq matni hozircha Lex.uz ʼda mavjud emas. Qaror Lex.uz’da eʼlon qilingach, material qoʻshimcha tafsilotlar bilan boyitiladi.
Prezidentning 14 avgustdagi PQ–294-son qarori bilan Oʻzbekistonda muddatli toʻlov xizmatlarini tartibga solishning alohida tizimi joriy etilmoqda.
Banklar va mikromoliya tashkilotlaridan tashqari, aholiga muddatli toʻlov xizmatini koʻrsatuvchi yuridik shaxslar “muddatli toʻlov xizmati operatori” sifatida eʼtirof etiladi.
Bunday kompaniyalar 2027 yil 1 yanvardan Markaziy bank shakllantiradigan maxsus reestrga kiritilgandan keyingina ishlashi mumkin boʻladi. Banklar va mikromoliya tashkilotlari Markaziy bankni xabardor qilish, boshqa kompaniyalar esa hisob roʻyxatidan oʻtish orqali reestrga kiritiladi.
Shu tariqa, hozir alohida moliyaviy tashkilot maqomiga ega boʻlmagan muddatli toʻlov kompaniyalari ham Markaziy bankning tartibga solish va nazorat doirasiga olinadi. Markaziy bank may oyida Osiyo taraqqiyot banki va xalqaro konsultantlar bilan bozorning amaldagi biznes modellari, huquqiy boʻshliqlar hamda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish masalalarini muhokama qilgan edi.
Muddatli toʻlov 12 oydan oshmaydi
Qaror bilan muddatli toʻlov shartnomalariga bir qator cheklovlar qoʻyildi. Jumladan, muddatli toʻlov asosida sotiladigan tovar, ish yoki xizmatning qiymati 250 BHMdan oshmasligi kerak.
1 sentabrdan amaldagi 440 ming soʻmlik BHM boʻyicha bu 110 mln soʻmga teng. Biroq shartnoma tuziladigan vaqtda BHM oʻzgarsa, maksimal miqdor ham shunga mos ravishda oʻzgaradi.
Isteʼmolchining shartnoma boʻyicha majburiyatlari eng koʻpi bilan 12 oy davom etishi mumkin. Koʻchmas mulk, muomaladan chiqarilgan yoki muomalada boʻlishi cheklangan boshqa mol-mulkni ushbu xizmat orqali sotish mumkin emas.
Operatorlar komissiya, ustama va tovarning yakuniy qiymatiga qoʻshiladigan boshqa toʻlovlarni shartnomada alohida koʻrsatishi shart.
Asosiy qarzdan tashqari barcha toʻlovlar — vositachilik haqi, jarima, penya va boshqa javobgarlik choralari yigʻindisi bir yilda muddatli toʻlov miqdorining 50 foizidan oshmasligi kerak.
Bundan tashqari, mijoz qarzni istalgan vaqtda toʻliq yoki qisman muddatidan oldin yopishi mumkin. Buning uchun undan qoʻshimcha komissiya, jarima yoki penya undirish taqiqlanadi.
Qarzdorlik haqidagi maʼlumot kredit byurosiga uzatiladi
Operatorlar muddatli toʻlov ajratishdan oldin mijozni raqamli identifikatsiya va verifikatsiyadan oʻtkazishi kerak.
Tuzilgan barcha shartnomalar va ular boʻyicha toʻlovlar haqidagi maʼlumotlar kredit byurolariga yuboriladi. Muddatli toʻlov berishda Markaziy bank belgilaydigan qarz yuki koʻrsatkichining eng yuqori chegarasiga ham rioya qilinadi.
Natijada muddatli toʻlov boʻyicha qarzdorlik ham mijozning umumiy moliyaviy majburiyatlarini baholashda hisobga olinadi. Bu bir shaxsning bir vaqtning oʻzida bir nechta platformadan toʻlov qobiliyatiga nisbatan ortiqcha majburiyat olishini cheklashi mumkin.
Biroq 2027 yildan qiymati 3 BHMgacha boʻlgan tovar isteʼmol krediti shartnomalari va ularning ijrosi haqidagi maʼlumotlarni kredit byurolariga taqdim etish talabi bekor qilinadi. Amaldagi BHM boʻyicha bu chegara 1 mln 236 ming soʻmni tashkil etadi.
Yirik savdo kompaniyalari ham reestrga kiradi
Muddatli toʻlovni oʻz savdo faoliyati doirasida taklif qilayotgan ayrim kompaniyalar ham yangi talablardan chetda qolmaydi.
Agar tashkilotning choraklik savdo aylanmasi 500 mln soʻmdan oshsa va unda boʻlib-boʻlib toʻlash xizmatining ulushi kamida 50 foizni tashkil etsa, kompaniya Markaziy bankda hisob roʻyxatidan oʻtib, reestrga kirishi shart.
Bunday tashkilotlarga ham muddatli toʻlov operatorlari uchun belgilangan shartnoma, qarz yuki, identifikatsiya va axborot almashinuvi talablari tatbiq etiladi.
Ayni paytda operatorlarga moliyaviy isteʼmol krediti berish va jismoniy shaxslardan pul mablagʻlarini jalb qilish taqiqlanadi. Ular shartnomalar boʻyicha talab qilish huquqini faqat boshqa muddatli toʻlov operatori, mikromoliya tashkiloti yoki bankka oʻtkazishi mumkin.









