11 823.690 so‘m

increase

45.170

13 797.060 so‘m

increase

63.310

139.740 so‘m

increase

0.780

11 823.690 so‘m

increase

45.170

6 soat avval
Bank
173

Oʻzbekistonda kamida 10 ta bank islomiy bankingni yoʻlga qoʻymoqchi

Oʻzbekistonda kamida 10 ta tijorat banki islomiy moliya xizmatlarini joriy etish boʻyicha amaliy tayyorgarlikni boshlagan. 

Ayrim banklar bu boʻyicha aksiyadorlar qarorini qabul qilgan boʻlsa, boshqalari yangi dasturiy tizim xarid qilmoqda, mahsulotlarni biznes-rejaga kiritgan yoki xalqaro islomiy moliya institutlari bilan moliyalashtirish liniyalarini ochgan. 

Markaziy bank ham 10 dan ortiq bank islomiy moliya xizmatlariga tayyorlanayotganini maʼlum qilgan. 

Oʻzbekistonda kamida 10 ta bank islomiy bankingni yoʻlga qoʻymoqchi

Pinkod ochiq korporativ maʼlumotlar, banklarning strategiya va tenderlari hamda rasmiy xabarlarini oʻrganib, hozircha Agrobank, Asakabank, Ipak Yoʻli Bank, Orient Finans Bank, Open bank, Hayot Bank, Mikrokreditbank, Hamkorbank, Xalq banki, InfinBANK va APEX BANK guruhidagi APEX MOLIYAda ushbu yoʻnalish boʻyicha aniq rejalar yoki amaliy tayyorgarlik mavjudligini aniqladi.

Ularning tayyorgarlik darajasi bir xil emas.

Agrobank aksiyadorlari 30 iyundagi yillik umumiy yigʻilishda bankda islomiy bank xizmatlarini joriy etishni maʼqullagan. Asakabank esa 25 iyundagi yigʻilishda alohida “islomiy darcha” tashkil etish va buning uchun bank ustaviga oʻzgartirish kiritishga qaror qilgan.

Ipak Yoʻli Bank aksiyadorlari 29 iyunda, Orient Finans Bank aksiyadorlari esa 26 iyunda islomiy bank faoliyatini joriy etishni tasdiqlagan. Orient Finans Bank’da ushbu faoliyat Markaziy bankning tegishli litsenziyasi olingandan keyin boshlanishi belgilangan. 

Open bank islomiy bank faoliyatini yoʻlga qoʻyish bilan birga, uch yil muddatga Islomiy moliya kengashini tuzishga qaror qilgan. Bank boshqaruviga Markaziy bankdan islomiy bank faoliyati uchun litsenziya olish choralarini koʻrish topshirilgan

Hayot Bank esa boshqa modelni tanlagan. Bank oʻziga 100 foiz tegishli alohida “ZAMAN” islomiy mikromoliya bankini tashkil etishga kirishgan. Yangi bank amaldagi Hayot Bank tarkibidagi “darcha” emas, alohida yuridik shaxs boʻlishi rejalashtirilgan. 

APEX BANK guruhidagi APEX MOLIYA ham islomiy moliyaga oʻtmoqchi. Kompaniya mikromoliya tashkilotini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankiga aylantirish, buning uchun ustav kapitalini 4 mlrd soʻmdan 50 mlrd soʻmgacha oshirish va Markaziy bankdan dastlabki ruxsat olishga qaror qilgan. 

Mikrokreditbank islomiy moliyalashtirish xizmatlarini 2026–2028 yillarga moʻljallangan transformatsiya strategiyasidagi asosiy loyihalardan biri sifatida belgilagan. Bank loyihani 2027 yil oxirigacha bosqichma-bosqich toʻliq amalga oshirishni rejalashtirmoqda. 

Hamkorbank iyul oyida “Islamic Core Banking” dasturiy majmuasini joriy etish uchun tender oʻtkazdi. Texnik talablar murobaha, ijara, mudaraba, mushoraka, salam, istisno va vakala kabi mahsulotlarni qamrab oladi. Yaʼni bank faqat alohida moliyalashtirish liniyasi emas, islomiy banking uchun maxsus IT-infratuzilma yaratishga tayyorlanmoqda. 

Xalq bankining 2026 yilgi biznes-rejasiga murobaha, mudaraba va ijara asosidagi mahsulotlarni ishlab chiqish kiritilgan. Bank yil davomida kichik va oʻrta biznes segmentida islomiy banking ulushi oshishini kutmoqda.

InfinBANK bu yil islomiy moliyalashtirish yoʻnalishini kengaytirib, ITFC bilan 60 mln dollardan ortiq, SEAF orqali esa yana 5 mln dollarlik bitimlar imzoladi. Bank yangi islomiy moliya mahsulotlarini joriy etish ustida ishlayotganini ham maʼlum qilgan

Hali hech bir bank litsenziya olmagan

Islomiy bankingni joriy etish boʻyicha huquqiy asos OʻRQ-1126-sonli qonun bilan yaratildi. Qonun 27 martda imzolangan va iyun oxirida kuchga kirgan. U anʼanaviy banklarga alohida islomiy “darcha” ochish, shuningdek, toʻliq islomiy banklar tashkil etish imkonini beradi. 

Islomiy bankingni litsenziyalash mexanizmi ham allaqachon ishlab turibdi. Markaziy bank boshqaruvining 2026 yil 23 iyundagi qarori bilan “Bank faoliyatiga ruxsat berish tartibi va shartlari toʻgʻrisidagi nizom”ga tegishli oʻzgartirishlar kiritilgan

Nizomga koʻra, amaldagi bank “islomiy darcha” ochish uchun alohida litsenziya olishi, Islomiy moliya kengashi va maxsus boʻlinma tashkil qilishi, uch yillik biznes-reja hamda islomiy operatsiyalarni alohida hisobga olish imkonini beruvchi tizimni taqdim etishi kerak. Regulyator arizani zarur hujjatlar toʻliq topshirilganidan keyin koʻpi bilan ikki oy ichida koʻrib chiqadi. 

Biroq reja yoki korporativ qaror bankda islomiy banking allaqachon ishga tushganini anglatmaydi. Markaziy bank raisi oʻrinbosari Sanjar Nosirovning 25 avgustdagi maʼlumotiga koʻra, hozircha hech bir bank yangi tartib boʻyicha islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olmagan. Ayni paytda arizalarni koʻrib chiqish va litsenziyalash jarayoni boshlangan. 

Regulyator dastlab toʻlaqonli islomiy banklardan koʻra amaldagi tijorat banklaridagi islomiy darchalar ishga tushishini kutmoqda. Nosirov xizmatlar 2026 yil oxirigacha taklif qilina boshlashi mumkinligini bildirgan. 

Yangi tizimda banklar murobaha, ijara va mushoraka kabi moliyalashtirish vositalari bilan birga, mudaraba va vakala asosidagi investitsiyaviy omonatlarni ham taklif qilishi mumkin boʻladi. 

Hozir banklar xorijiy islomiy moliya institutlaridan jalb qilingan mablagʻlar hisobidan ayrim murobaha operatsiyalarini amalga oshirayotgan boʻlsa-da, aholidan islomiy tamoyillar asosida omonat jalb qilish litsenziya olingandan keyingina mumkin boʻladi. 

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 10 dan ortiq bank islomiy moliya xizmatlarini joriy etishga tayyorlanmoqda. 2030 yilgacha esa yangi yoʻnalish hisobidan qariyb 1 mlrd dollar qoʻshimcha investitsiya va depozitlar jalb qilinishi kutilmoqda. 

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+