Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan qonun rasman qabul qilindi
Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qonun qabul qilindi. Hujjat bilan Soliq va Fuqarolik kodekslari hamda yana 7 ta qonun hujjatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Qonun islomiy moliya operatsiyalarini tartibga solish, maxsus litsenziya joriy etish va sohada alohida moliya kengashlarini tashkil etishni nazarda tutadi.

Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qonun rasman qabul qilindi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati maʼlum qildi. Qonunning rasmiy matni hozircha Lex.uz platformasiga joylanmagan.
“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (OʻRQ–1126) 2026 yil 27 mart kuni qabul qilindi.
Mazkur hujjat Markaziy bank tomonidan mahalliy va xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan boʻlib, unda xalqaro standartlar hamda ilgʻor xorijiy tajriba inobatga olingan.
Qonun bilan Soliq va Fuqarolik kodekslariga, shuningdek yana 7 ta qonun hujjatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Xususan, hujjatga muvofiq qonunchilikka islomiy bank faoliyati, islomiy moliya operatsiyalari, islomiy moliya standartlari hamda investitsiyaviy omonat (depozit) kabi tushunchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi maxsus litsenziya joriy etilib, uni olish uchun aniq talablar belgilandi.
Litsenziyaga ega banklar tomonidan amalga oshirilishi mumkin boʻlgan islomiy moliya operatsiyalari roʻyxati ham qonunda belgilab qoʻyilgan.
Bundan tashqari, islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarga bevosita savdo faoliyati bilan shugʻullanish, shuningdek yuridik shaxslarni tashkil etish va ularning ustav fondlaridagi ulush yoki aksiyalarni cheklovlarsiz sotib olish huquqi beriladi.
Islomiy moliya faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Markaziy bank hamda banklar huzurida Islomiy moliya kengashlari tashkil etilishi va ularning faoliyatiga qoʻyiladigan talablar ham belgilandi.
Shuningdek, islomiy moliya operatsiyalariga soliq solishning oʻziga xos tartibi ham alohida koʻrsatib oʻtilgan.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.









