Oʻzbekistonda ish haqi va pensiyalar 2030 yilgacha inflyatsiyadan yuqori oshiriladi
Oʻzbekiston 2030 yilgacha ish haqi, pensiya va nafaqalarni inflyatsiyadan yuqori surʼatlarda oshirib borishni rejalashtirmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisob-kitoblariga koʻra, bu jarayon Pensiya jamgʻarmasi xarajatlarini keskin oshirsa-da, byudjetdan ajratiladigan transferlar bosqichma-bosqich qisqarishi kutilmoqda.

Oʻzbekistonda 2030 yilgacha ish haqi, pensiya va nafaqalar inflyatsiya darajasidan yuqori surʼatlarda oshirib boriladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026-yilgi byudjetnomasida keltirib oʻtilgan.
2030 yilgacha moʻljallangan makroiqtisodiy va fiskal siyosatning asosiy maqsadlaridan biri aholining real daromadlarini oshirishdir. Shu bois byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya va nafaqalari har yili inflyatsiyadan yuqori miqdorda koʻtarilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, davlat pensiya taʼminoti tizimini isloh qilish orqali Pensiya jamgʻarmasiga respublika byudjetidan ajratiladigan transferlar hajmi bosqichma-bosqich qisqartirilishi koʻzda tutilgan.
2026 yil boshiga Pensiya jamgʻarmasida 3,9 trillion soʻmlik qoldiq shakllanishi, daromadlar 64,7 trillion soʻmni, xarajatlar esa 86,1 trillion soʻmni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Taqchillikni toʻldirish uchun byudjetdan 23 trillion soʻmlik transfer ajratilishi rejalashtirilgan boʻlib, bu oʻtgan yilga nisbatan 13,8 foiz koʻp.

Keyingi yillarda ushbu transferlar kamayib borishi kutilmoqda. Xususan, 2027 yilda 20 trillion soʻm, 2028 yilda 18 trillion soʻm boʻlishi kutilmoqda. 2027 yilda Pensiya jamgʻarmasi daromadlari 75 trillion, xarajatlari 95,1 trillion soʻmni tashkil etadi. 2028 yilda esa daromad 87,8 trillion soʻmga yetib, xarajatlar 104,8 trillion soʻmdan oshishi prognoz qilingan.
Yaqin uch yil ichida pensiya oluvchilar soni 489 ming nafarga koʻpayib, 4,76 millionga yetadi. Har yili pensiya yoshiga yetadiganlar soni ham 5,1 foizga oʻsib boradi. Bu 2025 yildagi 305 ming nafardan 2028 yilda 321 ming nafargacha koʻpayishni anglatadi.

Vazirlik hisob-kitoblariga koʻra, byudjet xodimlari ish haqining har bir 1 foiz punktga oshirilishi davlat byudjetiga 1,67 trillion soʻmga tushadi. Pensiyalarni shu darajada oshirishning qiymati 861 milliard soʻmdir. Ijtimoiy nafaqa oluvchilar sonining 10 foizga koʻpayishi byudjet xarajatlarini 1,6 trillion soʻmga oshiradi.
Pensiya islohoti
Oʻzbekistonda erkaklar pensiya yoshini 63 yilga, ayollar uchun esa 58 yilga oshirish taklif qilinmoqda. Islohot bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, yakuniy qaror esa hali qabul qilinmagan, loyiha jamoatchilik muhokamasiga qoʻyiladi.
Loyihaga koʻra, erkaklar pensiya yoshi 60 dan 63 yilgacha, ayollarniki 55 dan 58 yilgacha koʻtariladi. Bu jarayon yiliga 6 oydan qoʻshish shaklida amalga oshirilishi mumkin.
Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi ijrochi direktori Murodbek Atajanov yumshoqroq variantni taklif qilgan: pensiya yoshini har 6 oy emas, balki har 3 oyda oshirish. Bunday mexanizmda pensiya yoshi har toʻrt yilda bir yilga koʻtarilib boradi va butun islohot 12 yil davom etadi.









