Oʻzbekistonda barqaror tokenlar (steyblkoin) uchun maxsus huquqiy rejim joriy etildi
ILMA va Markaziy bank barqaror tokenlar boʻyicha maxsus huquqiy rejimni joriy etish tartibini tasdiqladi. Nizomga koʻra, sinov tariqasida chiqariladigan steyblkoinlar faqat soʻm yoki xorijiy valyuta bilan toʻliq taʼminlanib, mablagʻlar Markaziy bankdagi alohida hisobda saqlanadi. Maxsus rejim dastlab 12 oyga berilib, zaruratga koʻra 3 yilgacha uzaytirilishi mumkin.

Oʻzbekistonda steyblkoinlar (barqaror tokenlar) muomalasi sinov tariqasida joriy etiladi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Markaziy bank barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishga qaratilgan maxsus huquqiy rejimni joriy etish tartibini tasdiqladi.
Mazkur nizom barqaror tokenlar aylanmasi uchun maxsus rejimni taqdim etish, ishtirokchilarni roʻyxatga olish, ularning faoliyatini monitoring qilish, maqomdan mahrum etish hamda reyestr yuritish tartibini belgilab beradi.
Hujjatga koʻra, maxsus rejimning asosiy maqsadi taqsimlangan reyestr texnologiyasi (blockchain) asosida toʻlov tizimlarini yaratish, barqaror tokenlarni chiqarish va ulardan toʻlov vositasi sifatida foydalanish uchun qulay muhit shakllantirishdan iborat.
Shuningdek, investitsiyalarni jalb qilish, bozorda raqobatni kuchaytirish, innovatsion toʻlov yechimlarini joriy etish hamda isteʼmolchilar va investorlar huquqlarini himoya qilish ham ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilanmoqda. Tajriba-sinov loyihalari natijalari esa kelgusida qonunchilikni takomillashtirishga xizmat qiladi.
Maxsus rejim doirasida milliy yoki xorijiy valyuta bilan taʼminlangan steyblkoinlarni chiqarish, shuningdek ularni xalqaro hisob-kitoblarda qoʻllash boʻyicha pilot loyihalarni amalga oshirish mumkin.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston hududida barqaror tokenlardan toʻlov vositasi sifatida foydalanish va blockchain asosidagi toʻlov tizimlarini yaratish ham nazarda tutilgan.
Biroq, algoritmik, anonimlik xususiyatiga ega yoki kripto-aktivlar bilan taʼminlangan steyblkoinlarni chiqarish taqiqlanadi.
Barqaror tokenlar faqat soʻm yoki xorijiy valyutadagi real pul mablagʻlari bilan toʻliq taʼminlangan boʻlishi va bu mablagʻlar Markaziy bankdagi alohida hisobvaraqda zaxira sifatida saqlanishi shart.
Nizom axborot va kiberxavfsizlik masalalariga ham alohida eʼtibor qaratadi. Maxsus rejim ishtirokchilari axborot xavfsizligi tizimini joriy etishi, masʼul shaxs tayinlashi, ichki tartiblarni ishlab chiqishi va emitent ekotizimining barqaror ishlashini taʼminlashi lozim.
Ishtirokchilar vakolatli organ — Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan roʻyxatga olinadi. Moliyaviy barqarorlik, kiberxavfsizlik va emissiya hajmi bilan bogʻliq masalalar esa Markaziy bank bilan majburiy kelishiladi.
Tajriba-sinov loyihalari dastlab 12 oyga moʻljallangan boʻlib, zaruratga koʻra uzaytirilishi mumkin, biroq umumiy muddat 3 yildan oshmaydi. Maxsus rejim ishtirokchilari haqidagi maʼlumotlar ochiq reyestrga kiritilib, agentlikning rasmiy saytida eʼlon qilinadi.
Avvalroq Markaziy bank raisi Timur Ishmetov regulyator oʻzining raqamli valyutasi — raqamli soʻm va tijorat banklari tomonidan chiqarilishi mumkin boʻlgan steyblkoinlarni muomalaga kiritish masalasini oʻrganayotgani xabar qilingan edi.









