Oʻzbekistonda aholining xorijiy valyuta taklifi talabdan $8,7 mlrdga ustun boʻldi
Yanvar–noyabr oylarida jismoniy shaxslar banklarga $19,4 mlrdlik xorijiy valyuta sotdi, xarid hajmi esa $10,6 mlrdni tashkil etdi. Valyuta tushumining asosiy qismi xalqaro pul oʻtkazmalari hissasiga toʻgʻri kelib, ularning umumiy hajmi $17,3 mlrdga yetdi.

Aholining banklar orqali amalga oshirgan valyuta operatsiyalarida xorijiy valyuta tushumi xariddan sezilarli darajada yuqori boʻlib, bu ichki valyuta bozorida qoʻshimcha taklifni shakllantirmoqda. Bu haqda Markaziy bankning ichki valyuta bozori boʻyicha sharhida maʼlum qilindi.
Joriy yilning yanvar–noyabr oylarida jismoniy shaxslar tomonidan banklarga $19,4 mlrd miqdorida xorijiy valyuta sotildi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan ($14,6 mlrd) 1,3 barobarga oshdi.
Ayni davrda aholi tomonidan $10,6 mlrd xorijiy valyuta xarid qilingan boʻlib, bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan ($8,5 mlrd) 25% ga yuqori.
Natijada jismoniy shaxslar tomonidan xorijiy valyuta taklifi talabdan $8,7 mlrdga ortiq boʻldi. Ushbu farq 2024 yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga koʻpdir.
Mazkur davrda aholining banklarga valyuta sotishidagi asosiy manba xalqaro pul oʻtkazmalari boʻldi. Yanvar–noyabr oylarida transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmi $17,3 mlrdni tashkil etib, yiliga nisbatan 25% yoki $3,5 mlrdga oshdi.
Shu bilan birga, noyabr oyida pul oʻtkazmalari hajmi keskin kamayib, $1,48 mlrdni tashkil etdi. Eng yuqori oylik koʻrsatkich iyul oyida qayd etilib, $1,97 mlrdga yetgan. Keyingi oylarda pasayish kuzatilib, oktabr oyida transfertlar hajmi $1,86 mlrdni tashkil etdi.
2025 yilning yanvar–noyabr oylarida milliy valyuta almashuv kursi 7,5% ga mustahkamlandi. Markaziy bank bu jarayonni bir qator omillar bilan izohladi. Jumladan:
- eksport tushumlarining oshishi;
- xorijiy kreditlarning faol jalb qilinishi;
- import toʻlovlari hajmining nisbatan barqarorlashuvi;
- xalqaro pul oʻtkazmalari hajmining sezilarli oʻsishi;
- investitsiyalar, xususan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning koʻpayishi.









