Oʻzbekistonda aholining kreditga boʻlgan ehtiyoji 56 foizga yetdi
Markaziy bank soʻroviga koʻra, kelgusida kredit olishga ehtiyoji bor respondentlar ulushi 56 foizga yetgan. Shu bilan birga, soʻrov qatnashchilarining 65,8 foizi jamgʻarmalari koʻpayishini kutayotgan boʻlsa-da, 40,1 foizida hozircha moliyaviy zaxira mavjud emas.

Markaziy bankning 2026 yil birinchi choragi boʻyicha isteʼmol kayfiyati sharhiga koʻra, aholining kreditga boʻlgan ehtiyoji avvalgi chorakka nisbatan oshgan.
Kelgusida kredit olishga ehtiyoji borligini bildirgan respondentlar ulushi 56 foizga yetdi. Oldingi chorakda bu koʻrsatkich 54 foizni tashkil etgan edi.
Jumladan, respondentlarning 27 foizi kreditga ehtiyoji sezilarli, 29 foizi esa biroz oshishini kutmoqda. Yana 31 foiz ishtirokchi kreditga boʻlgan talabi oʻzgarmasligini bildirgan.
Kreditga talab, ayniqsa, oylik daromadi 7 mln soʻmgacha boʻlgan aholi guruhlarida oshishi mumkin. Daromadi 10–15 mln soʻm hamda 20 mln soʻmdan yuqori boʻlgan respondentlar orasida esa kreditga talabning pasayish tendensiyasi davom etgan.
Soʻrov qatnashchilari kredit mablagʻlarini asosan uy-joyni taʼmirlash, taʼlim, toʻy, avtomobil xaridi va davolanish bilan bogʻliq xarajatlarga yoʻnaltirishni rejalashtirgan.
Jamgʻarishga moyillik oshmoqda
2026 yilning birinchi choragida aholining pul mablagʻlarini jamgʻarishga boʻlgan moyilligi ham oshgan.
Respondentlarning 65,8 foizi kelgusida jamgʻarmalari koʻpayishini kutmoqda. Bu 2025 yilning toʻrtinchi choragiga nisbatan 3,2 foiz bandga yuqori.
Jamgʻarmalari hajmi oʻzgarmasligini kutayotganlar ulushi 22,3 foizni tashkil etdi. Jamgʻarmalari kamayishini taxmin qilgan respondentlar ulushi esa 13,2 foizdan 11,9 foizgacha qisqardi.
Shu bilan birga, soʻrov qatnashchilarining 40,1 foizi hozirda jamgʻarmasi mavjud emasligini bildirgan. Ushbu koʻrsatkich avvalgi chorakka nisbatan biroz kamaygan.
Jamgʻarmasi 1–3 oyga yoki olti oydan ortiq muddatga yetishini bildirgan respondentlar ulushi oshgan. Jamgʻarmasi bir oygacha yoki 3–6 oyga yetishini qayd etganlar ulushi esa kamaygan.
Soʻrov ishtirokchilarining 58 foizi birinchi chorakda moliyaviy holati yaxshilangani yoki biroz yaxshilanganini bildirgan. Moliyaviy ahvolida oʻzgarish sezmaganlar ulushi 32,4 foizni, holati yomonlashganini qayd etganlar ulushi esa 9,7 foizni tashkil etgan.
Natijalar aholining jamgʻarishga moyilligi kuchayayotganini koʻrsatadi. Biroq kreditga ehtiyojning oshishi va respondentlarning 40 foizida jamgʻarma yoʻqligi moliyaviy zaxiralar barcha qatlamlarda bir xil shakllanmayotganini anglatadi.









