Oʻzbekistonda 21 yoshdan keyingi nikohlar va nikoh shartnomalarini tuzish ragʻbatlantiriladi
Oʻzbekistonda 21 yoshdan keyin nikoh tuzishni ragʻbatlantirish uchun moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish, shuningdek nikoh shartnomalarini tuzishda davlat boji boʻyicha imtiyozlar berish taklif qilindi.

3 mart kuni Shavkat Mirziyoyev ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish tizimini kuchaytirish hamda ularga nisbatan zoʻravonlik va tazyiq holatlarining oldini olishga qaratilgan yangi takliflar bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati maʼlum qildi.
Taqdimotda jamoatchilik, mutaxassislar va xalqaro tajriba asosida ishlab chiqilgan qator tashabbuslar koʻrib chiqildi.
Takliflarga koʻra:
- shahvoniy shilqimlik uchun belgilangan 5 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosini qatʼiylashtirish;;
- pedofillar uchun jazo umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha kuchaytirilishi rejalashtirilmoqda;
- voyaga yetmaganlarga qarshi jinsiy jinoyatlar sodir etgan shaxslar koloniya-poseleniyega oʻtkazilmaydi;
- ayrim jinsiy jinoyatlar boʻyicha tergov vakolatlari ichki ishlar organlaridan prokuraturaga oʻtkazilishi taklif qilindi;
- ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik bilan bogʻliq ishlarni maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan tergovchilar, advokatlar va sudyalar koʻrib chiqishi rejalashtirilmoqda;
- zoʻravonlikdan jabrlangan va himoya orderi olgan ayollarning telefoniga SOS ilovasi oʻrnatiladi. Undagi tugma bosilganda 5 km radiusdagi ichki ishlar xodimlari 10 daqiqa ichida yetib kelishi kerak boʻladi.
Shuningdek, mamlakatda nikohlarning 40 foizi 18–19 yoshdagi yoshlar oʻrtasida tuzilayotgani qayd etildi. Xalqaro tavsiyalarga koʻra esa 21 yosh nikoh uchun maqbul yosh hisoblanadi.
Shu sababli quyidagi choralar ham taklif qilindi:
- 21 yoshdan keyin nikoh qurishni ragʻbatlantirish uchun moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish;
- nikoh shartnomalarini tuzishga davlat boji boʻyicha imtiyozlar berish;
- erta nikoh haqida xabar bergan shaxslarga jarimaning 15 foizini toʻlash;
- 16 yoshgacha boʻlgan homiladorlik yoki erta nikoh holatlari haqida maxsus tizim orqali ichki ishlar organlari va “Inson” markazlariga xabar berish, bunday holatlarni yashirish uchun javobgarlik belgilash;
- homilador yoki 3 yoshgacha bolasi bor talaba qizlarga oʻqishni davom ettirish imkonini yaratish.
Prezident ushbu tashabbuslarni maʼqullab, tegishli farmonni imzoladi va yangi choralarni aholiga keng tushuntirish boʻyicha topshiriq berdi.









