Oʻzbekiston va Qozogʻiston: Markaziy Osiyodagi eng barqaror va jadal rivojlanayotgan hamkorlik modeli
Ikki davlat oʻrtasidagi 2018 yildagi 3 mlrd dollarlik oʻzaro savdo hajmi 2024 yilda 4,3 mlrd dollarga yetdi, 2025 yilning 9 oyida esa yana 15,5 foizga oshdi. Xoʻsh, mintaqadagi qoʻshnilar oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik soʻnggi yillarda qanday oʻzgardi?

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Qozogʻiston mintaqada ikki tomonlama savdoning eng barqaror va dinamik yoʻnalishlaridan birini shakllantirdi.
Agar 2018 yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 3 milliard dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2024 yilda tashqi iqtisodiy beqarorliklarga qaramay, bu koʻrsatkich 4,3 milliard dollarga yetdi. Bu Markaziy Osiyo mintaqasidagi oʻrtacha surʼatlardan yuqori boʻlib, yillik oʻsish 6–8 foizni tashkil etmoqda.
Ayniqsa, 2024 yilda Qozogʻistondan import deyarli 8 foizga qisqarganiga qaramay, Oʻzbekistonning eksport hajmi 2,5 foizga oshgani savdo tarkibi bosqichma-bosqich muvozanatlashib borayotganini koʻrsatadi. 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida esa tovar ayirboshlash 3,5 milliard dollarga yetdi va 15,5 foizlik oʻsish qayd etildi — bu soʻnggi yetti yildagi eng yuqori koʻrsatkichlardan biridir.
Oʻzbekistonning Qozogʻistonga eksport tarkibi diversifikatsiya qilinmoqda: oziq-ovqat va toʻqimachilik mahsulotlari bilan bir qatorda mashinasozlik, transport vositalari va xizmatlar ulushi ortib bormoqda. Importda esa gʻalla, mineral yoqilgʻi, qora metallar va kimyo mahsulotlari asosiy oʻrinni saqlab turibdi.
Investitsion hamkorlik
Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi investitsiyaviy aloqalar jadal rivojlanmoqda. Oʻzbekistonda Qozogʻiston kapitali ishtirokida 1 157 ta korxona, jumladan, 281 ta qoʻshma korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Bu koʻrsatkichlar Qozogʻistonning mamlakatimizdagi eng yirik investitsiya sheriklaridan biri ekanini tasdiqlaydi.
Shu bilan birga, Qozogʻistonda Oʻzbekiston tadbirkorlari ishtirokida 4 934 ta korxona roʻyxatdan oʻtgan. Bu oʻzbek biznesining qozoq bozoriga chuqur kirib borgani va bu bozorning jozibadorligidan dalolat beradi.
Ikki davlat oʻrtasidagi 288 ta amaldaggi hujjat, jumladan 96 ta hukumatlararo bitim investorlar uchun mustahkam huquqiy kafolatlar, soddalashtirilgan amaliy mexanizmlar va barqaror biznes muhitini taʼminlab bermoqda.
Hukumatlararo komissiyaga ikki mamlakat hukumat rahbarlarining hamraisligi hamkorlikning yuqori institutsional darajada ekanini koʻrsatadi. 2025 yil oktabrda Xivada boʻlib oʻtgan Komissiyaning 22-yigʻilishida logistika infratuzilmasini yangilash, yangi kooperatsiya loyihalarini yoʻlga qoʻyish va sanoat hamkorligini kuchaytirish boʻyicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Qozogʻistonning umumiy iqtisodiy dinamikasi va Oʻzbekistondagi keng koʻlamdagi islohotlar fonida investitsiyaviy aloqalar oʻrta muddatli istiqbolda yana ikki baravar koʻpayishi kutilmoqda.
Qozogʻistonning tashqi savdosida Oʻzbekistonning oʻrni
2024 yilda Qozogʻistonning umumiy tashqi savdo hajmi 141,4 milliard dollarga yetdi. Eksportda Italiya, Xitoy, Rossiya, Niderlandiya, Koreya Respublikasi, Turkiya va Oʻzbekiston yetakchi sheriklar qatorida. Importda esa Rossiya, Xitoy, Germaniya, AQSh, Koreya va Turkiya asosiy hamkorlar hisoblanadi.
Ushbu roʻyxatda Oʻzbekistonning oʻrni alohida: ikki davlat nafaqat savdo, balki transport, energetika va ishlab chiqarish infratuzilmalari orqali chuqur bogʻlangan. 2024 yilda tovar aylanmasi 4,3 milliard dollarga yetgani, 2025 yilning 9 oyida esa 3,5 milliard dollargacha oʻsgani Oʻzbekiston yoʻnalishining barqaror rivojlanayotganini koʻrsatadi.
Qozogʻistonning 13 200 kmga teng quruqlik chegaralarining katta qismi aynan Oʻzbekiston bilan bogʻlangani ham oʻzaro savdo va logistikadagi strategik ahamiyatni yanada oshiradi.
Transport va logistika: mintaqaning asosiy koʻprigi
2025 yilda “Centrum Air”ning Qozogʻistonga yangi yoʻnalishlari, shuningdek, “FlyArystan”ning Toshkentga parvozlari yoʻlga qoʻyildi. Temir yoʻl sohasida ham hamkorlik kengaymoqda: 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida Qozogʻiston temir yoʻl yuk tashish hajmi 17 foizga, quvur transporti hajmi esa 13,8 foizga oshdi.
Oʻzbekiston uchun bu raqamlar strategik ahamiyatga ega: aynan ushbu infratuzilma Kaspiy dengiziga, u orqali Turkiya va Yevropaga chiqish imkonini yaratadi. Shu jihatdan transport va logistika sohasidagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning asosiy ustuni hisoblanadi.
Turizm: ijtimoiy aloqalarning mustahkamlanishi
Qozogʻistonlik sayyohlar Oʻzbekistonga kelayotgan mehmonlarning eng katta qismini tashkil qiladi.Yillik natijalar quyidagicha:
- 2022 yil — 1,5 mln
- 2023 yil — 1,31 mln
- 2024 yil — 2,8 mln
- 2025 yilning 9 oyi — 2 mln
Bu oʻsish viza tartiblarining soddalashtirilishi, transport qatnovlarining kengayishi va madaniy tadbirlar soni koʻpaygani bilan izohlanadi. Turizm nafaqat iqtisodiy samara beradi, balki insonlar oʻrtasidagi ijtimoiy aloqalarni mustahkamlab, oʻzaro tushunish va ishonchni kuchaytiradi.
Kichik va oʻrta biznes: integratsiyaning yangi drayveri
Qozogʻistonda kichik va oʻrta biznesni YaIMdagi ulushini 40 foizga yetkazish boʻyicha olib borilayotgan siyosat ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy integratsiya uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Bugungi kunda:
- Oʻzbekistonda 1 157 ta Qozogʻiston biznes subʼekti faoliyat yuritmoqda.
- Qozogʻistonda 4 934 ta Oʻzbekiston ishtirokidagi korxona roʻyxatdan oʻtgan.
Bu raqamlar iqtisodiy hamkorlikning institutsional va amaliyotda mustahkam fundamentga ega ekanini tasdiqlaydi.
Eng istiqbolli yoʻnalishlar quyidagilardir:
- transport-logistika,
- mashinasozlik va texnik servis,
- agrosanoat va qayta ishlash,
- toʻqimachilik va tayyor mahsulotlar eksporti,
- raqamli xizmatlar va IT-yojimlar.









