12 132.480 so‘m

decrease

-5.380

14 360.000 so‘m

decrease

-19.720

159.090 so‘m

increase

0.960

12 132.480 so‘m

decrease

-5.380

13 soat avval
Iqtisodiyot
45

Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasida yirik investitsiya platformasini ishga tushirish boʻyicha kelishuv imzolandi

18 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Vashingtonda AQSh savdo vaziri Xovard Latnik, Eksimbank va DFC rahbarlari bilan uchrashdi.

Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasida yirik investitsiya platformasini ishga tushirish boʻyicha kelishuv imzolandi
Foto: AI/Pinkod.uz

18 fevral kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh poytaxti Vashington shahrida amaliy tashrif bilan boʻlib, qator yuqori martabali rasmiylar va yirik moliyaviy institutlar hamda biznes doiralari vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati maʼlum qildi.

Tashrif doirasida davlat rahbari AQSh savdo vaziri Xovard Latnik bilan muzokara olib bordi. Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va ustuvor sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Qayd etilishicha, Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshgan. Hozirgi kunda Oʻzbekiston bozorida 340 ga yaqin Amerika kompaniyasi faoliyat yuritmoqda.

Tomonlar 35 milliard dollarlik iqtisodiy hamkorlik dasturi doirasidagi loyihalar ijrosini tezlashtirish zarurligini taʼkidladi. Xususan, energetika, muhim (kritik) minerallarni qazib olish va qayta ishlash, transport-logistika infratuzilmasi, qishloq xoʻjaligi hamda axborot texnologiyalari yoʻnalishlarida yirik investitsiya loyihalari ilgari surilmoqda.

2025 yil oxirida tashkil etilgan Amerika–Oʻzbekiston Biznes kengashi faoliyatidan samarali foydalanish masalasi ham muhokama qilindi. Ushbu platforma orqali ikki davlat hududlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish, yangi qoʻshma korxonalar tashkil etish va investitsiya oqimini koʻpaytirish maqsad qilingan.

Shuningdek, Prezident Mirziyoyev AQSh Eksport-import banki (Eksimbank) rahbari Jon Yovanovich hamda AQSh Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan uchrashdi. Muzokaralarda investitsiya loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, sanoat va infratuzilma obʼektlarini barpo etish, yuqori texnologik uskunalar yetkazib berish boʻyicha hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Eksimbank liniyasi orqali yirik sanoat korxonalari va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish hajmini oshirish rejalashtirilmoqda. DFC esa milliy va mintaqaviy miqyosdagi investitsiya tashabbuslarida ishtirok etish, moliya bozori hamda energetika sohasini rivojlantirishda koʻmaklashishga tayyor ekanini bildirdi.

Prezident huzurida Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasida investitsion platforma tashkil etish boʻyicha imzolangan bitim bilan almashuv marosimi boʻlib oʻtdi. Ushbu platforma ustuvor investitsiya loyihalarini aniqlash va ularni moliyalashtirish mexanizmlarini soddalashtirishga xizmat qiladi.

Tashrif yakunida davlat rahbari AQSh savdo vakili Jeymison Grier bilan ham uchrashdi. Muzokaralarda Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlish jarayonida amaliy hamkorlikni kuchaytirish va AQSh tomonidan qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh oʻrtasidagi Savdo va investitsiyalar boʻyicha Ramkaviy bitim (TIFA) doirasidagi hamkorlikni faollashtirish taklif qilindi. Prezident Grierni Toshkent xalqaro investitsiya forumi — TIIF-2026da ishtirok etishga taklif etdi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+