Oʻzbekiston mart oyida qariyb $2 mlrdlik oltin eksport qildi
2025 yil yanvar-mart oylari yakuniga koʻra, Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasi $17,3 mlrdga yetdi.
Eksport hajmi $8,1 mlrdni tashkil qilib, oʻtgan yilning birinchi choragiga nisbatan 24,4 foizga oshgan boʻlsa, import hajmi $9,2 mlrd boʻlib, 2,3 foizga kamaydi.

Oʻzbekiston mart oyida 1,86 milliard dollarlik oltin eksport qildi. Bu maʼlumot Milliy statistika qoʻmitasining hisobotida keltirilgan.
2025 yilning yanvar-mart oylarida Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi $17,3 mlrdga yetdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1,4 mlrd yoki 8,6 foizga oshgan.
Eksport hajmi $8,1 mlrdni tashkil qilib, oʻtgan yilning birinchi choragiga nisbatan 24,4 foizga oshgan boʻlsa, import hajmi $9,2 mlrd boʻlib, 2,3 foizga kamaydi. Shunday qilib, hisobot davrida tashqi savdo balansida 1,1 milliard dollarlik salbiy farq yuzaga keldi.
Oʻzbekiston hozirda dunyoning 173 davlati bilan savdo aloqalarini amalga oshirmoqda. Tashqi savdo aylanmasida eng katta ulush quyidagi mamlakatlarga toʻgʻri kelgan: Xitoy Xalq Respublikasi – 17,5%, Rossiya – 14,9%, Qozogʻiston – 5,9%, Turkiya – 3,5% va Koreya Respublikasi – 2,4%. Eʼtiborga molik jihat shundaki, Xitoy va Rossiya bilan boʻlgan savdo hajmi oʻtgan yilning shu davriga qaraganda biroz kamaygan.
Eksport tarkibini tahlil qilganda, tovarlar umumiy eksportning 78,6 foizini tashkil etgan. Eng koʻp eksport qilingan mahsulotlar qatorida sanoat tovarlari (11,1%), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (5,8%), kimyoviy vositalar va shunga oʻxshash mahsulotlar (5,2%), shuningdek, turli tayyor mahsulotlar (3,5%) mavjud.
2025 yilning birinchi choragida eksport boʻyicha asosiy savdo hamkorlari sifatida quyidagi mamlakatlar ajralib turdi:
- Rossiya – 10,9%
- Xitoy – 5,6%
- Afgʻoniston – 3,9%
- Qozogʻiston – 3,8%
- Turkiya – 3,1%
- Fransiya – 2,7%
- Birlashgan Arab Amirliklari – 1,8%
- Tojikiston – 1,3%
- Qirgʻiziston – 1,2%
- Pokiston – 1,1%
Ushbu mamlakatlarning umumiy eksportdagi ulushi 35,4% ni tashkil etadi.
Avvalroq, Pinkod Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2024 yilda rekord darajada — 2,1 mlrd sof foyda olgani haqida xabar bergan edi.