Oʻzbekiston kompaniyasi Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalar roʻyxatiga kiritildi
Ushbu paket Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinida harbiy sanoatni qoʻllab-quvvatlagan tashkilotlarga nisbatan joriy etilgan.

2025 yil 20 may kuni Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga javoban sanksiyalarning 17 paketini rasman eʼlon qildi.
Yangi paket doirasida 75 ta tashkilot va kompaniyaga nisbatan cheklovlar joriy etildi. Ushbu kompaniyalar va tashkilotlarning mol-mulklari muzlatiladi, ularning moliyaviy faoliyatiga qatʼiy taqiq oʻrnatiladi. Shu tariqa, sanksiyalar roʻyxatiga kiritilgan jismoniy va yuridik shaxslar soni 2 400 dan oshdi.
Mazkur sanksiyalar nafaqat Rossiya kompaniyalariga, balki uchinchi davlatlarda faoliyat yuritayapgan 13 ta tashkilotga ham taalluqlidir. Ular orasida Turkiyada tashkil etilgan 6 ta, Vetnamda – 3 ta, Birlashgan Arab Amirliklarida – 2 ta, Serbiyada – 1 ta va Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan 1 ta kompaniya mavjud.

Oʻzbekistondan sanksiyalar roʻyxatiga "TRADE ENGINE SYSTEM" MChJ kiritilgan. Ochiq manbalarga koʻra, ushbu kompaniya 2022-yil 27-iyul kuni (urush boshlanganidan bir necha oy oʻtib) davlat roʻyxatidan oʻtgan. Yuridik manzili Toshkent shaxari, Yakkasaroy tumani, Damarik MFY, Nukus koʻchasi, 37-uyda joylashgan.
Kompaniyaning 100 foiz taʼsischisi va rahbari — Akbarov Nasirjon Hamitjanovich. Bir necha ochiq rus manbalarida keltirilishicha, Akbarov ilgari Rossiya hududida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtgan boʻlgan, biroq hozirda bu faoliyat rasmiy ravishda tugatilgan.
"TRADE ENGINE SYSTEM" MChJ rasmiy veb-saytida berilgan maʼlumotlarga koʻra, kompaniya MDH davlatlari hududida turli rusumdagi elektromobillar uchun tezkor zaryadlash stansiyalarini yetkazib berish va oʻrnatish boʻyicha yetakchi tashkilotlardan biri sifatida tanilgan.