Oʻzbekiston ketma-ket oltinchi oy ham oltin eksportini amalga oshirmadi
Yanvar–mart oylarida eksport hajmi 5,8 mlrd dollar boʻlib, 2025 yilning mos davriga nisbatan 29,3 foizga kamaydi. Bunga 2026 yilda oltin eksportining toʻliq toʻxtagani sabab boʻlgan. Shunga qaramay, oltinsiz eksport hajmi 26,2 foizga oshdi.

Oʻzbekiston ketma-ket oltinchi oy ham oltin eksportini amalga oshirmadi. Bu haqda statistika qoʻmitasi eʼlon qilgan hisobotda keltirib oʻtilgan.
2026 yil yanvar-mart oylarida respublikaning tashqi savdo aylanmasi (TSA) 18 mlrd dollarga yetdi. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 471,0 mln AQSh dollariga yoki 2,7 %ga koʻproqdir.
Shu davrda import hajmi sezilarli oshib, 12,2 mlrd dollarni tashkil etgan boʻlsa, eksport 5,8 mlrd dollargacha qisqardi. Natijada tashqi savdo balansi 6,4 mlrd dollarlik manfiy saldo bilan shakllandi.
Eksport koʻrsatkichlarida esa pasayish kuzatildi. Yanvar–mart oylarida eksport hajmi 5,8 mlrd dollar boʻlib, 2025 yilning mos davriga nisbatan 29,3 foizga kamaydi. Biroq maxsus eksport hisobga olinmaganda, tovarlar eksporti 3,48 mlrd dollarga yetib, oʻtgan yilga nisbatan 26,2 foizga oshgan. Bu oltin eksportidagi keskin oʻzgarish umumiy eksport statistikasiga kuchli taʼsir qilganini koʻrsatadi.
Hisobotga koʻra, Oʻzbekiston yanvar–mart oylarida nomonetar oltin eksportini amalga oshirmagan. Taqqoslash uchun, 2025 yilning shu davrida nomonetar oltin eksporti 3,57 mlrd dollarni tashkil etgan va jami eksportning 43,5 foiziga teng boʻlgan. 2026 yilda esa ushbu koʻrsatkich nolga tenglashgan.
Shu tariqa, Oʻzbekiston ketma-ket oltinchi oy ham oltin eksportini amalga oshirmadi. Avvalroq mamlakat yanvar va fevral oylarida ham oltin eksport qilmagani qayd etilgandi. Bundan oldin, oktabr, noyabr va dekabr oylarida ham oltin eksporti kuzatilmagan, aksincha oltin xaridi amalga oshirilgan.
Oltin eksportisiz ham ayrim yoʻnalishlarda oʻsish saqlanib qoldi. Xususan, xizmatlar eksporti 2,3 mlrd dollarga yetib, oʻtgan yilga nisbatan 26,8 foizga oshdi. Toʻqimachilik mahsulotlari eksporti 739,9 mln dollarni tashkil etib, 17,6 foizga koʻpaydi. Meva-sabzavot eksporti esa 317,7 mln dollarga yetib, 12,4 foizga oʻsdi.









