Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2029 yilda $255 mlrddan oshishi mumkin — Fiskal strategiya
Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2027–2029 yillarda oʻrtacha 7 foiz atrofida oʻsishi kutilmoqda. Pinkod hisob-kitobiga koʻra, belgilangan prognozlar amalga oshsa, mamlakat YaIMining dollardagi hajmi 2029 yilda taxminan $255,5 mlrdga yetishi mumkin.

2027–2029 yillarga moʻljallangan Fiskal strategiyaga koʻra, Oʻzbekiston iqtisodiyoti kelgusi uch yilda oʻrtacha 7 foiz atrofida oʻsishi kutilmoqda. Pinkod hisob-kitobi boʻyicha, aholi sonining hozirgi oʻsish surʼati saqlansa, mamlakat iqtisodiyotining dollardagi nominal hajmi 2029 yilda taxminan $255,5 mlrdga yetishi mumkin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026 yil yakunida Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulotining real oʻsishi 8,1 foizni tashkil etishini kutmoqda. Bu Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunda belgilangan 6,6 foizlik dastlabki prognozdan 1,5 foiz bandga yuqori.
Yangilangan prognozga koʻra, 2026 yilda YaIMning nominal hajmi 2 183 trln soʻmga yetadi. Avvalgi byudjet parametrlarida bu koʻrsatkich 1 976 trln soʻm boʻlishi kutilgan edi. Shunday qilib, 2026 yil uchun nominal YaIM prognozi 207 trln soʻmga oshirilgan.
Keyingi yillarda iqtisodiy oʻsish biroz sekinlashsa-da, yuqori darajada saqlanib qolishi prognoz qilinmoqda:
- 2027 yilda — 6,9 foiz;
- 2028 yilda — 7,1 foiz;
- 2029 yilda — 7,4 foiz.
Ushbu prognozlar amalga oshsa, Oʻzbekiston iqtisodiyoti real hisobda 2026 yilga nisbatan 2029 yil yakuniga kelib qariyb 23 foizga kengayadi.
YaIMning nominal hajmi esa 2025 yildagi 1 850 trln soʻmdan 2026 yilda 2 183 trln soʻmga yetishi kutilmoqda. Keyinchalik bu koʻrsatkich:
- 2027 yilda — 2 474 trln soʻm;
- 2028 yilda — 2 830 trln soʻm;
- 2029 yilda — 3 232 trln soʻmni tashkil etadi.
Natijada nominal YaIM 2026–2029 yillarda 1 049 trln soʻmga yoki 48 foizga koʻpayadi. 2025 yil bilan solishtirganda esa oʻsish 1 382 trln soʻmni tashkil etadi.
Aholi jon boshiga YaIM ham sezilarli oshishi kutilmoqda:
- 2026 yilda — $4 629;
- 2027 yilda — $5 106;
- 2028 yilda — $5 598;
- 2029 yilda — $6 203.
Shu tariqa, aholi jon boshiga YaIM 2027 yilda $477 ga, 2028 yilda $492 ga va 2029 yilda yana $605 ga oshadi. Umuman, 2026–2029 yillarda koʻrsatkich $1 574 ga yoki 34 foizga koʻpayadi. 2025 yildagi $3 881 bilan solishtirganda esa oʻsish $2 322 yoki qariyb 60 foizni tashkil etadi.
Fiskal strategiyada mamlakat YaIMining dollardagi umumiy hajmi alohida koʻrsatilmagan. Biroq 2026 yilgi aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishning dastlabki natijalariga koʻra, 15 yanvar holatida Oʻzbekistonning doimiy aholisi 39 047 321 nafarni tashkil etgan.
Agar aholi soni yiliga 1,8 foiz atrofida oʻsishda davom etishi va Fiskal strategiyadagi aholi jon boshiga YaIM prognozlari amalga oshishini hisobga olsak, mamlakat iqtisodiyotining dollardagi taxminiy hajmi quyidagicha shakllanadi:
| Yil | Taxminiy YaIM | Yillik qoʻshimcha oʻsish |
|---|---|---|
| 2026 | $180,8 mlrd | — |
| 2027 | $203 mlrd | +$22,2 mlrd |
| 2028 | $226,5 mlrd | +$23,5 mlrd |
| 2029 | $255,5 mlrd | +$29 mlrd |
Bu hisob-kitobga koʻra, Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2026–2029 yillarda dollar hisobida taxminan $74,7 mlrdga yoki 41 foizga kengayadi. Yakuniy natija aholi soni, inflyatsiya va milliy valyutaning AQSh dollariga nisbatan amaldagi kursiga bogʻliq boʻladi.
Oʻrta muddatda isteʼmol, xizmatlar eksporti va xorijiy investitsiyalar iqtisodiy oʻsishni talab tomondan qoʻllab-quvvatlovchi asosiy omillar boʻlishi kutilmoqda.
Tarmoqlar kesimida bozor xizmatlari, xususan, aloqa va axborotlashtirish, moliya, transport, mehmonxona va umumiy ovqatlanish sohalari asosiy drayverlardan boʻladi. Sanoatda esa metallurgiya, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, toʻqimachilik va avtomobilsozlik yuqori oʻsishni taʼminlashi prognoz qilingan.
Fiskal strategiyaga koʻra, sanoat ishlab chiqarishi 2027 yilda 6,7 foizga, 2028 yilda 7,1 foizga va 2029 yilda 7,9 foizga oʻsadi. Bozor xizmatlarida esa oʻsish surʼati mos ravishda 14,3 foiz, 14,7 foiz va 15,1 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
Qurilish ishlari hajmi 2027 yilda 8,3 foizga, 2028 yilda 8 foizga va 2029 yilda 7,6 foizga oshishi prognoz qilingan. Qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaliklarida yillik oʻsish 5–5,1 foiz atrofida saqlanib qoladi.
Shu bilan birga, inflyatsiya 2026 yil yakunida 6,5 foizni tashkil etishi, 2027 yilda 5–6 foizgacha pasayishi va 2028–2029 yillarda Markaziy bankning 5 foizlik targeti darajasida barqarorlashishi kutilmoqda.









