Oʻzbekiston davlat qarzi 47 milliard dollarga yaqinlashdi
2025 yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning jami davlat qarzi 46,85 milliard dollarga yetdi. Qarzning asosiy qismi tashqi manbalar hisobiga shakllangan boʻlib, mablagʻlar asosan byudjet taqchilligi va energetika sohasini moliyalashtirishga yoʻnaltirilgan.

2025 yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning jami davlat qarzi 46,85 milliard dollarni tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlumotlarida koʻrsatib oʻtilgan. Bir yil davomida davlat qarzi 6,6 milliard dollarga oshgan.
Umumiy qarzning 39,8 milliard dollari (85 foizi) tashqi qarz hissasiga, 7 milliard dollari (15 foizi) esa ichki qarzga toʻgʻri keladi. Asosiy oʻsish aynan tashqi qarz hisobiga yuz bergan — 2025 yil davomida u 6,1 milliard dollarga koʻpaygan. Natijada tashqi qarzning yalpi ichki mahsulotga nisbati 1,9 foiz punktga oshib, 31,9 foizga yetgan.
Yilning soʻnggi choragida davlat tomonidan 3,1 milliard dollar miqdorida yangi qarz jalb qilingan. Bu mablagʻlar, ehtimol, byudjet taqchilligini moliyalashtirish bilan bogʻliq.
Tashqi qarz tarkibida 46 foiz mablagʻ qatʼiy (fiksatsiyalangan) foiz stavkada, 37 foizi esa oʻzgaruvchan foiz stavkada olingan.
Asosiy qarz beruvchilar kimlar?
Davlat tashqi qarzining 22,3 mlrd dollarlik qismi xalqaro moliya institutlaridan olingan. Bular quyidagilar:
- Jahon banki — $8,95 mlrd
- Osiyo taraqqiyot banki — $8,35 mlrd
- Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki — $2,28 mlrd
- Islom taraqqiyot banki — $1,06 mlrd
- Xalqaro valyuta jamgʻarmasi — $628 mln
- Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki — $457 mln
- Boshqa institutlar (Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi, OPEK jamgʻarmasi, Yevropa investitsiya banki) — $582 mln
Shuningdek, tashqi qarzning 29 foizi yoki 11,66 mlrdlik qismi xorijiy hukumatlarga tegishli moliya tashkilotlari hisobiga toʻgʻri kelmoqda:
- Xitoy taraqqiyot davlat banki, Eksimbank va boshqalar — $3,9 mlrd
- Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi — $2,99 mlrd
- Fransiya taraqqiyot agentligi — $1,35 mlrd
- Koreya Eksimbanki va taraqqiyot jamgʻarmasi — $722 mln
- Germaniya davlat banki — $739 mln
- Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi — $137 mln
- Ispaniya davlat banki — $74 mln
- Turkiya Eskimbank — $27 mln (yangi kreditor)
- Boshqalar — $1,71 mlrd
Bundan tashqari, $5,85 milliardlik tashqi qarz xalqaro obligatsiyalar orqali investorlar tomonidan moliyalashtirilgan.
Qarz mablagʻlari qayerga yoʻnaltirilmoqda?
Jalb qilinayotgan davlat qarzining teng yarmi ($18,8 mlrd) byudjet taqchilligini qoplashga yoʻnaltirilmoqda. 5,6 mlrd dollarlik qarz esa yoqilgʻi-energetika sanoatini qoʻllab-quvvatlash uchun sarflangan. Qolgan qarzlar quyidagi sohalarga sarflangan:
- Qishloq va suv xoʻjaligi — $3,34 mlrd (9%)
- Uy-joy kommunal xoʻjaligi — $3,2 mlrd (8%)
- Transport va infratuzilma — $3,06 mlrd (8%)
- Sogʻliqni saqlash, taʼlim, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari — $3,5 mlrd (9%)
- Tadbirkorlik va sanoat ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash — $619 mln (2%)
- Kimyo sanoati — $662 mln (2%)









