Oʻzbekiston banklaridagi muammoli kreditlar hajmi yana oʻsmoqda
Iyulda Oʻzbekiston banklarida muammoli kreditlar 684 mlrd soʻmga ortib, 22,5 trln soʻmga yetdi. Shu davrda umumiy kredit portfeli 576,2 trln soʻmni tashkil qildi. Kredit portfelidagi eng katta kamayish Oʻzmilliybank (-3,9 trln soʻm) va Oʻzsanoatqurilishbankda (-889 mlrd soʻm) kuzatildi.

Iyul oyida mamlakat banklaridagi muammoli kreditlar (NPL) 684 mlrd soʻmga koʻpayib, 22,5 trln soʻmga yetdi. Bu banklarning umumiy kredit portfelida 3,9 foiz ulushni tashkil qildi.
Shu davrda umumiy kredit portfeli 1 trln soʻmga ortib, 576,2 trln soʻmga yetdi. Biroq bu koʻrsatkich oxirgi oylardagi eng past oʻsishlardan biri boʻldi. Kredit portfelining sustlashishiga asosan Oʻzmilliybank (-3,9 trln soʻm) va Oʻzsanoatqurilishbank (-889 mlrd soʻm) kredit hajmlarining kamayishi sabab boʻldi.

Shu bilan birga, davlat banklari ichida eng katta oʻsish Agrobank (1,0 trln soʻm), Aloqabank (713 mlrd soʻm) va Xalq bankida (446 mlrd soʻm) kuzatildi.

Muammoli kreditlarning keskin koʻpayishiga ham asosan davlat banklari sabab boʻldi. Jumladan, Oʻzmilliybank (+594,2 mlrd soʻm), Mikrokreditbank (+121,1 mlrd soʻm) va Asaka bank (+106,1 mlrd soʻm) eng katta hissaga ega boʻldi.
Xususiy banklar orasida esa TBC Bank (+70,2 mlrd soʻm), Anorbank (+44,6 mlrd soʻm) va Tenge Bankda (+39,9 mlrd soʻm) muammoli kreditlar sezilarli darajada oshgan.

Avvalroq Pinkod banklardagi kreditlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavka ketma-ket uchinchi oy ham oshayotgani haqida yozgan edi. Markaziy bank maʼlumotiga koʻra, aprel oyida 22,6 foiz boʻlgan stavka iyul oyiga kelib 23,8 foizga yetgan.