Oʻzbekiston AQSh bilan YaIMning 100 foiziga teng bitim tuzdimi?
Shavkat Mirziyoyev 6 noyabr kuni Vashingtonga amaliy tashrifi doirasida AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan Oq uydagi Oval xonada uchrashdi. Tramp muzokaralar yakunida Oʻzbekiston bilan 100 milliard dollarlik savdo-iqtisodiy bitim imzolanganini eʼlon qildi.

Shavkat Mirziyoyev 6 noyabr kuni Vashingtonga amaliy tashrifi doirasida Oq uyning Oval xonasida AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv oʻtkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Muzokaralar chogʻida tomonlar Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, C5+1 formatida Markaziy Osiyo davlatlari bilan AQSh oʻrtasidagi muloqotni chuqurlashtirish yoʻnalishida fikr almashildi.

Donald Tramp oʻzining Truth Social tarmogʻidagi sahifasida Oʻzbekiston bilan “misli koʻrilmagan savdo-iqtisodiy kelishuv” imzolanganini maʼlum qildi.
“Yaqin uch yil ichida Oʻzbekiston AQShning muhim minerallar, aviatsiya, avtomobil butlovchi qismlari, infratuzilma, qishloq xoʻjaligi, energetika, kimyo va axborot texnologiyalari kabi sohalariga qariyb 35 milliard dollar, kelgusi oʻn yilda esa 100 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritadi va xaridlarni amalga oshiradi”, — deb yozdi u.

Shuningdek, Tramp Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirib, “mamlakatlarimiz oʻrtasida uzoq muddatli va samarali hamkorlikni intiqlik bilan kutamiz”, deya taʼkidladi.
Bu bitim Oʻzbekiston YaIMining 100 foiziga tengmi?
Ijtimoiy tarmoqlarda va ayrim xorijiy nashrlarda bitim Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulotining (YaIM) 100 foiziga teng degan fikrlar tarqaldi. Bu daʼvolar yoki notoʻgʻri talqin yoki kontekstdan ajratib koʻrsatilgan raqamlar natijasidir.
2024 yilda Oʻzbekiston YaIMi taxminan $115 mlrdni tashkil qilgan. Agar kelgusi oʻn yil ichida $100 mlrd investitsiya yoki xaridlar amalga oshirilishi haqidagi raqamni 2024 yilgi YaIM bilan solishtirsak, u YaIMning taxminan 87 foiziga teng boʻladi ($100 mlrd / $115 mlrd ≈ 0.87).
Biroq bu solishtirishning oʻzi ham notoʻgʻridir. YaIM yil davomida mamlakat iqtisodiy faoliyati hajmini ifodalaydi (ishlab chiqarish, xizmatlar, va hokazo), shuning uchun oʻn yilga taqsimlangan investitsiyalarni bir yillik YaIM bilan bevosita tenglashtirish xato tushuncha tugʻdiradi.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning izohiga koʻra, bitimning 10 yil davomida bosqichma-bosqich amalga oshirilishini inobatga olsak, u 10 yillik umumiy YaIMning atigi 2,8 foiziga teng boʻladi.
“Yaʼni pandemiyadan keyingi davrdagidek oʻsishda davom etsak, 10 yil uchun 100 mlrd dollarlik bitim juda katta raqam emas. Birinchi uch yilda 35 mlrd dollar esa uch yillik iqtisodiyotimizning 6,7 foizini tashkil etadi. Yaʼni tarmoqlarda tarqatilayotgani kabi katta raqamlar emas”, — deydi iqtisodchi oʻzining Mirkonomika Telegram kanalida.









