Ozarbayjonning ABB banki Davr Bank nazorat paketini sotib olmoqda
Ozarbayjon Xalqaro banki — ABB Davr Bank aksiyalarining 51 foizlik nazorat paketini sotib olish boʻyicha muzokaralarni yakunladi. Bitim rasmiylashtirilsa, bank Oʻzbekiston bozorida “ABB Davr Bank” brendi ostida faoliyat boshlashi mumkin. Davr Bankʼga kiritiladigan investitsiya hajmi $100 mln dan oshishi, bitim esa 2026 yilning ikkinchi yarmida yakunlanishi kutilmoqda.

Ozarbayjon Xalqaro banki — ABB Oʻzbekiston bank bozoriga kirishga tayyorlanmoqda. Bank Oʻzbekistondagi xususiy banklardan biri — Davr Bank aksiyalarining 51 foizlik nazorat paketini sotib olish boʻyicha muzokaralarni yakunlagan. Bu haqda ABB boshqaruvi raisi Abbas Ibragimov maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, zarur ruxsatnomalar olinib, rasmiylashtirish jarayonlari yakunlangach, ABB Oʻzbekistonda “ABB Davr Bank” brendi ostida faoliyat boshlashi mumkin. Bitim 2026 yilning ikkinchi yarmida yakunlanishi kutilmoqda.
“Biz aksiyalarining nazorat paketini sotib olmoqchi boʻlgan bank Oʻzbekistondagi xususiy banklardan biri boʻlib, Davr Bank deb nomlanadi. Umid qilamizki, agar ruxsatnomalar olish va rasmiylashtirish jarayonlarini tezda yakunlay olsak, mamlakatimizning xalqaro bank brendi ABB joriy yilning ikkinchi yarmida Oʻzbekiston bozorida ABB Davr Bank nomi bilan taqdim etila boshlaydi”, — degan Ibragimov.
ABB tomonidan Oʻzbekistondagi bankka kiritilishi rejalashtirilayotgan investitsiya hajmi $100 mln dan oshishi aytilmoqda. Davr Bank aktivlari qariyb $1 mlrdga baholanmoqda. Bank 1,4 mln mijozga xizmat koʻrsatadi va mamlakat boʻylab 43 ta filialga ega.
1 aprel holatiga koʻra, Davr Bank aktivlari 12,6 trln soʻmni, kredit portfeli 9,2 trln soʻmni, depozit bazasi esa 4,6 trln soʻmni tashkil qilgan. Bank kapitali 2,2 trln soʻm atrofida baholangan. Muammoli kreditlar hajmi 290 mlrd soʻm boʻlib, bu umumiy kredit portfelining 3,1 foiziga teng.
Bank 2025 yilda 631,5 mlrd soʻm sof foyda olgan. 2026 yilning birinchi choragida esa bu koʻrsatkich 183,6 mlrd soʻmni tashkil etgan.
Davr Bank 2001 yil sentabr oyida tashkil etilgan. Bankning amaldagi eng yirik ulushi Lutfulla Ubayevga tegishli boʻlib, u 46,9 foiz aksiyaga egalik qiladi. Shuningdek, bank aksiyadorlari orasida Maxfuza Ubayeva, Durdona Raxmatullayeva va Mirkodir Mirzayatov ham bor.

Bitim yakunlanishi uchun tomonlar avvalo tegishli ruxsatnomalarni olishi kerak. Xususan, bank ustav kapitalidagi 50 foizdan ortiq ulushni sotib olish nazorat ulushini qoʻlga kiritish hisoblanadi va bunday holatda Markaziy bank roziligi talab etiladi. Bundan tashqari, iqtisodiy konsentratsiya yuzasidan Raqobat qoʻmitasining oldindan roziligi ham zarur boʻlishi mumkin.









