Ozarbayjon Xalqaro banki “Davr Bank”dagi ulushini 74 foizgacha oshirishi mumkin
“Davr Bank” aksiyadorlari Ozarbayjonning ABB bankiga 51 foizlik nazorat paketini sotish boʻyicha muzokaralarni davom ettirishni maʼqulladi. Tomonlar kelishuvga erishsa, ABB keyinchalik yana 23 foiz aksiyani sotib olish huquqini ham qoʻlga kiritishi mumkin.

“Davr Bank” aksiyadorlari Ozarbayjon Xalqaro banki — ABB bilan bank ustav kapitalidagi 51 foizlik aksiyalar paketini sotish boʻyicha muzokaralarni davom ettirish va bitim shartlarini kelishishni maʼqulladi.
Tegishli qaror bank aksiyadorlarining 8 iyun kuni boʻlib oʻtgan yillik umumiy yigʻilishida bir ovozdan qabul qilingan. Yigʻilish bayonnomasi 11 iyun kuni rasmiylashtirilgan.
Qarorda bitimni amalga oshirish uchun zarur korporativ, huquqiy, moliyaviy va regulyator tartib-taomillarni oʻtkazishga ham rozilik berilgan.
Bundan tashqari, tomonlarning keyingi kelishuvlariga qarab, ABBga “Davr Bank” ustav kapitalidagi qoʻshimcha 23 foiz aksiyani sotib olish huquqini beruvchi opsion mexanizmini muhokama qilish maʼqullangan.
Mazkur opsion amalga oshirilsa, Ozarbayjon bankining “Davr Bank”dagi ulushi dastlabki 51 foizdan 74 foizgacha oshishi mumkin. Biroq hujjatda qoʻshimcha aksiyalarni sotish boʻyicha yakuniy qaror qabul qilingani emas, faqat bunday imkoniyatni nazarda tutuvchi mexanizmni muhokama qilishga rozilik berilgani qayd etilgan.
Avvalroq ABB boshqaruvi raisi Abbos Ibrohimov “Davr Bank”ning 51 foizlik nazorat paketini sotib olish boʻyicha muzokaralar yakunlanganini maʼlum qilgandi. Zarur ruxsatnomalar olinib, rasmiylashtirish jarayoni tugagach, bank Oʻzbekistonda “ABB Davr Bank” brendi ostida faoliyat boshlashi mumkin.
Bitim 2026 yilning ikkinchi yarmida yakunlanishi, ABB tomonidan bankka kiritiladigan investitsiyalar hajmi esa 100 mln dollardan oshishi kutilmoqda.
Aksiyadorlar yigʻilishi hujjatida “Davr Bank”ning 2025 yildagi sof foydasi 667,3 mlrd soʻmni tashkil etgani ham koʻrsatilgan. Shundan 33,4 mlrd soʻm yoki 5 foizi bankning umumiy zaxira fondiga yoʻnaltiriladi, qolgan 634 mlrd soʻmga yaqin mablagʻ esa taqsimlanmagan foyda hisobida qoldiriladi.









