Oʻqituvchilarga ipoteka boshlangʻich badalining 25 foizi qoplab berish tartibi qanday?
2026 yildan boshlab oliy malaka toifasiga ega va kamida 15 yil ish stajiga ega pedagoglarga ipoteka krediti boshlangʻich badalining 25 foizi byudjet mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi. Hukumat qaroriga koʻra, subsidiya birlamchi uy-joy bozoridan xonadon xarid qilish uchun ajratiladi hamda arizalar onlayn platformalar orqali inson omilisiz koʻrib chiqiladi.

Oʻzbekistonda oʻqituvchilarga ipoteka krediti uchun boshlangʻich badalning maʼlum qismini qoplab berish tartibi belgilandi. Bu 19 fevral kuni oliy toifali oʻqituvchilarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi hukumat qarori (VMQ–69-son) bilan belgilangan.
Unga koʻra, 2026 yildan boshlab kamida 15 yil ish stajiga ega va oliy malaka toifasidagi, bosh oʻqituvchi lavozimida faoliyat yuritayotgan pedagoglarga ipoteka krediti uchun boshlangʻich badalning 25 foizi byudjet mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
Subsidiya Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtiriladigan ipoteka kreditlari doirasida, birlamchi uy-joy bozoridan kvartira xarid qilish uchun ajratiladi. Mazkur maqsadlar uchun byudjetdan har yili 200 mlrd soʻmgacha mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Arizalar Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali bepul qabul qilinadi. Hujjatlar subsidiya.idm.uz platformasida inson omilisiz koʻrib chiqiladi, toʻlovlar esa vazirlikning subsidyplatform.mf.uz tizimi orqali avtomatik ravishda amalga oshiriladi.
Subsidiya mablagʻlari ariza beruvchining doimiy roʻyxatdan oʻtgan hududidagi uy-joyni sotib olish uchun yoʻnaltiriladi. Shu bilan birga, Toshkent shahrida doimiy roʻyxatdan oʻtgan fuqarolarga Toshkent viloyatidan ipoteka asosida uy-joy xarid qilish imkoniyati beriladi.
Bandlik vazirligi ikki hafta muddatda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda oliy malaka toifasiga ega va kamida 15 yil ish stajiga ega pedagoglar boʻyicha yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirishi lozim.
Taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan, oliy malaka toifasiga (bosh oʻqituvchi lavozimi) ega va 60 yoshgacha boʻlgan pedagoglar ipoteka krediti boshlangʻich badalining bir qismini qoplash uchun ariza berish huquqiga ega.
Ariza beruvchilar quyidagi mezonlar asosida tekshiriladi:
- ariza beruvchi va uning turmush oʻrtogʻi oʻrtasida rasmiy nikoh mavjudligi;
- ularning nomida ikki va undan ortiq turar joy mulki mavjud emasligi;
- kamida 15 yil ish stajiga ega ekani va ayni paytda faoliyat yuritayotgani;
- oliy malaka toifasiga egaligi;
- kredit tarixining bank talablari asosida ijobiy baholanishi.
Ijtimoiy mezonlarga mos kelgan shaxs talabgor sifatida eʼtirof etiladi. Biroq subsidiya ajratilishi haqidagi xabarnoma ipoteka krediti ajratilishini kafolatlamaydi — kredit masalasi bank tomonidan alohida tartibda koʻrib chiqiladi.
Shuningdek, quyidagi holatlarda ariza avtomatik ravishda rad etiladi:
- talablar bajarilmagan boʻlsa;
- notoʻgʻri yoki soxta maʼlumot taqdim etilgan boʻlsa;
- kredit tarixi bank talablariga javob bermasa;
- avval boshqa uy-joy subsidiya dasturidan foydalanilgan boʻlsa;
- ajratilgan byudjet mablagʻlari tugagan boʻlsa.
Subsidiya bir oila (er yoki xotin) uchun faqat bir marta taqdim etiladi.









