OpenAI salomatlik uchun moʻljallangan ChatGPT Health funksiyasini ishga tushirdi
OpenAI AQShda ChatGPT Health funksiyasini joriy etdi. Yangi imkoniyat foydalanuvchilarning tibbiy hujjatlari va sogʻliq ilovalari maʼlumotlarini tahlil qilib, shaxsiylashtirilgan maslahatlar berishni maqsad qiladi.

OpenAI AQShda ChatGPT ʼning yangi ChatGPT Health nomli funksiyasini ishga tushirdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Ushbu imkoniyat foydalanuvchilarning tibbiy hujjatlari va Apple Health, Peloton, MyFitnessPal kabi ilovalardan olingan maʼlumotlarni tahlil qilib, sogʻliq boʻyicha yanada shaxsiylashtirilgan javoblar berishni maqsad qiladi.
Kompaniya maʼlumotiga koʻra, sogʻliq bilan bogʻliq suhbatlar boshqa chatlardan alohida saqlanadi va sunʼiy intellektni oʻqitishda foydalanilmaydi. Shuningdek, OpenAI bu funksiya tashxis qoʻyish yoki davolash vositasi emas, balki tibbiy xizmatni qoʻllab-quvvatlash uchun moʻljallanganini taʼkidlamoqda.
Biroq maxfiylik masalasi boʻyicha xavotirlar ham yoʻq emas. AQShdagi Democracy and Technology markazi vakili Endryu Krouford sogʻliq maʼlumotlari eng nozik axborotlardan biri ekanini taʼkidlab, ularni himoyalash boʻyicha “mutlaqo ishonchli” mexanizmlar zarurligini bildirdi.
OpenAI’ning aytishicha, har hafta 230 milliondan ortiq foydalanuvchi ChatGPT’ga sogʻliq va farovonlik boʻyicha savollar bilan murojaat qiladi. Yangi funksiya aynan shu ehtiyojni yanada aniq va moslashtirilgan tarzda qondirishga qaratilgan.
Hozircha ChatGPT Health faqat AQShda cheklangan foydalanuvchilar uchun ochilgan. Buyuk Britaniya, Shveysariya va Yevropa Iqtisodiy Hududida esa qatʼiy maʼlumotlarni himoyalash talablari sababli funksiya ishga tushirilmagan.









