11 785.300 so‘m

decrease

-9.700

13 695.700 so‘m

decrease

-3.010

136.130 so‘m

increase

0.330

11 785.300 so‘m

decrease

-9.700

2 soat avval
Texnologiya
65

OpenAI GPT-6 Astra’ni veb, mobil va kompyuterga chiqara boshladi

OpenAI yangi GPT-6 Astra modelini ChatGPT foydalanuvchilariga bosqichma-bosqich taqdim etishni boshladi. 

Model ChatGPT’ning veb va mobil versiyalaridagi Work rejimida hamda Windows va macOS uchun desktop ilovasida ishlashi mumkin. 

Hozircha Astra pullik tariflarga tarqatilmoqda, Free va Go foydalanuvchilari uchun uning qachon ochilishi maʼlum qilinmagan.

OpenAI GPT-6 Astra’ni veb, mobil va kompyuterga chiqara boshladi

OpenAI GPT-6 Astra’ni 3 sentabr kuni taqdim etdi. Kompaniya uni hozirgacha yaratgan “eng kuchli va eng moslashtirilgan” modeli sifatida taʼriflamoqda. Asosiy yangiliklardan biri Astra shunchaki savollarga javob berishdan tashqari, kompyuter interfeyslarini boshqarib, bir necha bosqichli vazifalarni mustaqil bajarishga moslashtirilgan.

Model internetda tadqiqot olib borishi, formalarni toʻldirishi, CRM tizimidagi maʼlumotlarni yangilashi, kalendar bilan ishlashi, hujjat, elektron jadval va prezentatsiyalar tayyorlashi mumkin. Desktop ilovada esa foydalanuvchi ruxsat bergan taqdirda lokal fayllar va kompyuterdagi dasturlar bilan ham ishlash imkoniyati mavjud.

OpenAI maʼlumotlariga koʻra, Astra OSWorld 2.0 kompyuter boshqaruvi testida 72,6 foiz natija koʻrsatgan. GPT-5.6 Sol’da bu koʻrsatkich 65,7 foiz edi. Astra bir vazifani oʻrtacha 40 daqiqada bajargan boʻlsa, oldingi modelga taxminan 75 daqiqa kerak boʻlgan — yaʼni vaqt qariyb 47 foizga qisqargan.

ScreenSpot-Pro interfeys elementlarini aniqlash testi boʻyicha ham Astra 92,7 foiz natija qayd etgan, GPT-5.6 Sol esa 76,9 foizda qolgan. AutomationBench’da farq yanada katta (mos ravishda 41,4 va 18,1 foiz).

Kimlar Astra’dan foydalana oladi?

7 sentabr holatiga Astra hali barcha akkauntlarda bir xil koʻrinishda ochilmagan. Pro, Business va Enterprise tariflarida GPT-6 Astra asosidagi GPT-6 Pro ChatGPT’ga bosqichma-bosqich qoʻshilmoqda. Plus foydalanuvchilari esa Astra’dan ChatGPT Work va Codex orqali foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi.

ChatGPT Work veb va mobil ilovalarda ishlaydi. Windows va macOS uchun ChatGPT desktop ilovasida esa Work bilan birga lokal fayllar va dasturlar bilan ishlash imkoniyati ham mavjud. OpenAI Astra’dan foydalanish uchun desktop ilovaning eng soʻnggi versiyasini oʻrnatishni tavsiya qilmoqda.

Tarqatish bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgani sababli bir xil tarifdagi foydalanuvchilarda ham Astra turli vaqtda paydo boʻlishi mumkin.

1 mln tokendan ortiq kontekst

GPT-6 Astra API versiyasi 1,05 mln tokenlik kontekst oynasi va bir javobda 128 mingtagacha token chiqarish imkoniyatiga ega. Modelning bilimlar bazasi 2026 yil 30 aprelgacha boʻlgan maʼlumotlarni qamrab oladi.

API orqali Astra’dan foydalanish narxi har 1 mln kiruvchi token uchun 10 dollar, chiquvchi token uchun esa 50 dollar etib belgilangan. Keshlangan kiruvchi maʼlumotlar 1 mln token uchun 1 dollar turadi.

Astra OpenAI API’dan tashqari Microsoft Azure va Amazon Bedrock orqali ham taqdim etiladi.

Astra xavfsizlik boʻyicha ham yangi chegaraga chiqdi

Yangi model OpenAI’ning ichki baholash tizimida “Critical” darajadagi kiberxavfsizlik imkoniyatiga ega boʻlgan birinchi model boʻldi. Kompaniya testlari davomida Astra ilgari nomaʼlum boʻlgan ikkita zaiflikni topib, ulardan foydalanish yoʻlini ham aniqlagan.

Shu sababli modelning eng kuchli kiberxavfsizlik imkoniyatlari oddiy foydalanuvchilarga toʻliq ochilmaydi. OpenAI Astra bajaradigan uzoq va murakkab vazifalarni qoʻshimcha monitoring qiladi va tizim foydalanuvchi topshirigʻidan chetga chiqish ehtimolini aniqlasa, ishni vaqtincha toʻxtatishi mumkin.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+