OpenAI ChatGPT Translate nomli alohida tarjima xizmatini ishga tushirdi
OpenAI 50 dan ortiq tillarni qoʻllab-quvvatlaydigan ChatGPT Translate nomli alohida veb-tarjima xizmatini taqdim etdi. Vizual jihatdan Google Translateʼga oʻxshash boʻlgan ushbu platforma hozircha asosan matn va ovoz orqali tarjima qilish imkonini beradi. Shuningdek, tarjima uslubini rasmiy yoki biznes formatida sozlash kabi qoʻshimcha funksiyalarni taklif etadi.

OpenAI ChatGPT Translate deb nomlangan alohida veb-tarjima xizmatini ishga tushirdi. Bu haqda The Verge xabar berdi.
Ushbu xizmat 50 dan ortiq tillarni qoʻllab-quvvatlaydi va Google Translate’ga bevosita raqobatchi sifatida taqdim etilmoqda. Ikkala platforma ham tashqi koʻrinish jihatidan bir-biriga juda oʻxshaydi. Interfeysda foydalanuvchi matn kiritishi yoki nusxa koʻchirib joylashi uchun bitta oynacha, tarjima qilingan matnni koʻrsatish uchun esa ikkinchi oynacha mavjud. Shuningdek, qaysi tildan qaysi tilga tarjima qilinishini tanlash uchun ochiladigan menyular ham bor.
Biroq, ushbu ikki xizmat oʻrtasida muhim farqlar ham mavjud. Masalan, Google Translate foydalanuvchilarga nafaqat matn, balki rasmlar, hujjatlar va hatto veb-saytlarni ham tarjima qilish imkonini beradi. ChatGPT Translate’ning bosh sahifasida esa u matn, rasm va ovoz orqali tarjima qila olishi koʻrsatilgan, ammo hozircha rasm orqali tarjima qilish funksiyasi xizmatning hech bir versiyasida ishlamaydi. Kompyuter (desktop) versiyasi faqat matn tarjimasini qoʻllab-quvvatlaydi, mobil brauzerlarda esa foydalanuvchilar matn kiritish yoki telefon mikrofoni orqali ovozli tarjimadan foydalanishlari mumkin.
Bundan tashqari, OpenAI tarjima uslubini boshqarish uchun maxsus sozlamalarni ham qoʻshgan. Masalan, foydalanuvchi tarjimani “yanada rasmiy” yoki “biznes uslubida” qilishni soʻrashi mumkin.
Aslida, ChatGPT chatboti tarjima qilish imkoniyatlariga bir necha yildan beri ega edi. Shu sababli, ChatGPT Translate — bu OpenAI tomonidan mavjud funksiyalarni alohida veb-xizmat sifatida ajratib chiqarish hisoblanadi.
Hozircha ChatGPT Translate’ning Apple App Store yoki Google Play’da mobil ilovasi mavjud emas. Google Translate esa ham veb-sayt, ham mobil ilova koʻrinishida ishlaydi. OpenAI ushbu xizmatning rasmiy taqdimoti boʻyicha bayonot bermagan va tarjima vositasi qaysi sunʼiy intellekt modeli asosida ishlayotgani ham hozircha maʼlum qilinmagan.









