Omonatlarning real daromadliligi 8,9 foizga yetdi — soʻnggi 13 oydagi eng yuqori daraja
Sentabr oyida aholining soʻmdagi muddatli omonatlari boʻyicha real foiz stavkasi 8,9 foizga yetdi. Koʻrsatkich bir oyda 1 foiz punktga oshib, kamida 2025 yil sentabridan beri eng yuqori darajani qayd etdi. Bunda omonatlarning nominal stavkasi oʻzgarmagan, oʻsish esa inflyatsion kutilmalarning pasayishi hisobiga yuz bergan.

Markaziy bankning yangi maʼlumotlariga koʻra, sentabr oyida jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi muddatli depozitlari boʻyicha oʻrtacha tortilgan nominal foiz stavkasi 18,4 foizni tashkil etdi. Bu avgust oyidagi koʻrsatkich bilan bir xil.
Shu tariqa, aholi omonatlari boʻyicha stavka 2021 yil fevralidan beri eng past darajada qolmoqda. Pinkod avvalroq xabar berganidek, avgust oyida foiz stavkasi 18,4 foizgacha pasayib, 5,5 yillik minimumni yangilagan edi.
Taqqoslash uchun, 2025 yil sentabrida aholining muddatli omonatlari boʻyicha oʻrtacha stavka 21,3 foizni tashkil etgan. Bir yil ichida koʻrsatkich 2,9 foiz punktga kamaygan.

Biroq nominal foizlarning pasayishiga qaramay, omonatlarning inflyatsion kutilmalarni hisobga olgan holdagi real daromadliligi oshmoqda.
Avgust oyida real foiz stavkasi 7,9 foizni tashkil etgan boʻlsa, sentabrda 8,9 foizga yetgan. Bu 2025 yil sentabridan boshlangan 13 oylik davrdagi eng yuqori natija hisoblanadi. Bir yil avval ushbu koʻrsatkich 8,3 foiz edi.
Real daromadlilik nega oshdi?
Bunga aholining inflyatsion kutilmalari pasaygani taʼsir koʻrsatgan. Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, avgust oyida aholi kelgusi 12 oyda narxlar oʻrtacha 9,8 foizga oshishini kutgan boʻlsa, sentabrda bu koʻrsatkich 8,7 foizgacha tushgan.
Natijada bank omonatlarining nominal daromadliligi oʻzgarmagan boʻlsa ham, kutilayotgan inflyatsiya hisobga olingan real foiz stavkasi koʻtarilgan.
Real foiz stavkasi omonatdan olinadigan daromadning inflyatsiya taʼsiri hisobga olingandan keyingi qiymatini ifodalaydi. Biroq 8,9 foizlik koʻrsatkich kafolatlangan real daromad emas. U aholining inflyatsion kutilmalariga asoslangan boʻlib, haqiqiy natija kelgusidagi narxlar oʻsishiga bogʻliq.
Qisqa muddatli omonatlar boʻyicha stavkalar koʻtarildi
Sentabr oyida bir yilgacha boʻlgan aholi omonatlari boʻyicha oʻrtacha stavka 14,9 foizdan 15,6 foizga oshgan. Shunga qaramay, bu 2025 yil sentabridagi 20,7 foizlik koʻrsatkichdan 5,1 foiz punkt past.
Bir yildan uzoq muddatli omonatlarda esa stavka 18,9 foizdan 18,8 foizga tushgan. Natijada qisqa va uzoq muddatli omonatlar oʻrtasidagi farq 3,2 foiz punktni tashkil etgan.
Ayni paytda banklar tomonidan milliy valyutada jalb qilingan jami muddatli depozitlarning oʻrtacha stavkasi 17,2 foiz darajasida saqlanib qolgan. Yuridik shaxslarning muddatli depozitlari boʻyicha stavka esa bir oyda 0,5 foiz punktga kamayib, 15 foizni tashkil etgan.
Valyutadagi depozitlarda pasayish sezilarliroq boʻlgan. Jami muddatli depozitlarning oʻrtacha stavkasi avgustdagi 5,5 foizdan sentabrda 4,4 foizga, yuridik shaxslar depozitlari boʻyicha esa 5,7 foizdan 2,8 foizga tushgan.
Shu bilan birga, aholining valyutadagi muddatli omonatlari boʻyicha oʻrtacha stavka 5,4 foiz darajasida oʻzgarishsiz qolgan.









