OKMK yarim yilda $725 mln sof foyda oldi
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 2026 yilning birinchi yarim yilligida 8,69 trln soʻm sof foyda oldi. Bu oʻtgan yilning mos davridagi 4,49 trln soʻmga nisbatan 93,4 foiz koʻp. Foydaning tez oʻsishiga tushumning 39,8 foizga koʻpayishi va mahsulot tannarxining nisbatan sekin oshgani asosiy taʼsir koʻrsatgan.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 2026 yilning birinchi yarim yilligiga oid moliyaviy hisobotini eʼlon qildi.
Hisobotga koʻra, kompaniya olti oy davomida 8 trln 692,3 mlrd soʻm sof foyda olgan. Taqqoslash uchun, 2025 yilning shu davrida bu koʻrsatkich 4 trln 493,5 mlrd soʻmni tashkil etgan edi.
Kompaniyaning mahsulot va xizmatlar sotishdan olgan sof tushumi 21,59 trln soʻmdan 30,19 trln soʻmga yetgan. Shu tariqa, tushum bir yil ichida 8,6 trln soʻm yoki 39,8 foizga oshgan.
Ayni paytda sotilgan mahsulot tannarxi nisbatan sekinroq oʻsib, 8,46 trln soʻmdan 9,46 trln soʻmga yetgan. Natijada OKMKning yalpi foydasi 57,8 foizga koʻpayib, 20,73 trln soʻmni tashkil etgan.
Tushumning tannarxga qaraganda tezroq oshishi yalpi foyda marjasini ham yaxshilagan. Oʻtgan yilning birinchi yarmida har 100 soʻmlik tushumning 60,8 soʻmi yalpi foyda sifatida qolgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich 68,7 soʻmga yetgan.
Shu bilan birga, kompaniyaning davr xarajatlari 3,69 trln soʻmdan 5,02 trln soʻmga oshgan. Shunga qaramay, asosiy faoliyatdan olingan foyda 63,7 foizga koʻpayib, 15,83 trln soʻmni tashkil etgan.
Moliyaviy faoliyatdan olingan daromadlar 45,6 foizga oshib, 2,5 trln soʻmga yetgan. Buning 2,27 trln soʻmi valyuta kursi farqidan olingan daromad hissasiga toʻgʻri kelgan.
Ayni paytda moliyaviy faoliyat xarajatlari 3,37 trln soʻmdan 3,02 trln soʻmga kamaygan. Jumladan, valyuta kursi farqidan koʻrilgan zarar 2,82 trln soʻmdan 2,36 trln soʻmga tushgan.
Natijada kompaniyaning soliq toʻlashdan oldingi foydasi 90,9 foizga oshib, 15,3 trln soʻmga yetgan. Hisobot davri uchun 6,61 trln soʻm foyda soligʻi hisoblangan.
Shu tariqa, OKMKning sof foyda marjasi 20,8 foizdan 28,8 foizga koʻtarilgan. Yaʼni kompaniya har 100 soʻmlik tushumdan qariyb 29 soʻm sof foyda olgan.
Aktivlar 100 trln soʻmga yaqinlashdi
2026 yil 1 iyul holatiga OKMKning jami aktivlari 99,3 trln soʻmni tashkil etdi. Bu yil boshidagi koʻrsatkichga nisbatan 12,93 trln soʻm yoki 15 foizga koʻp.
Joriy aktivlar 26,2 trln soʻmdan 36,81 trln soʻmga oshgan. Bunda debitorlik qarzlari va qisqa muddatli investitsiyalarning koʻpayishi asosiy rol oʻynagan.
Xususan, debitorlik qarzlari 13,51 trln soʻmdan 21,26 trln soʻmga yetgan. Uning 15,36 trln soʻmi muassislarning ustav kapitaliga ulush kiritish boʻyicha qarzdorligiga toʻgʻri keladi.
OKMKning oʻz mablagʻlari 34,66 trln soʻmdan 43,35 trln soʻmga oshgan. Umumiy majburiyatlar esa 51,7 trln soʻmdan 55,95 trln soʻmga koʻpaygan.
Biroq uzoq muddatli majburiyatlar 15 foizga kamayib, 24,84 trln soʻmga tushgan, joriy majburiyatlar esa 38,5 foizga oshib, 31,11 trln soʻmga yetgan.









