OKMK 200 mln dollarlik tenderlar boʻyicha izoh berdi, biroq baʼzi savollar hali ham ochiq qolmoqda
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati chet el kompaniyalari bilan tuzilgan qariyb 200 million dollarlik tenderlar yuzasidan rasmiy izoh berdi.
Ammo ushbu bayonot uch yildan beri “faoliyatsiz” maqomda turgan xorijiy kompaniyalar qanday qilib yirik tenderlarni qoʻlga kiritgani, nega tender gʻoliblari sohada mutlaqo tajribasiz firmalar ekani hamda manfaatlar toʻqnashuvi ehtimoliga oid asosiy savollarga javob bermadi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati yaqinda eʼlon qilingan OKMK va uning Buyuk Britaniya hamda boshqa chet el kompaniyalari bilan tuzilgan 200 mln dollarlik tenderlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Kombinat matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, elektron OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mazkur shartnomalar haqidagi xabarlar ortidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilgan.
Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, OKMK 2021-yildan buyon barcha davlat xaridlarini belgilangan tartibda maxsus elektron platformalar orqali amalga oshirib kelmoqda. Taʼkidlanishicha, elektron savdolar inson omilisiz, avtomatlashtirilgan tarzda oʻtkaziladi.
Xususan, import shartnomalari Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining etender.uzex.uz portali orqali ochiq va shaffof tarzda eʼlon qilingan hamda raqobat asosida oʻtkazilgan. Kombinatga koʻra, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzilmagan, har bir lot boʻyicha eng past narx taklif qilgan ishtirokchi avtomatik ravishda gʻolib deb topilgan.
Shuningdek, tender ishtirokchilari oʻrtasida affillanganlik holatlari elektron tizim orqali tekshirilgani va bunday aloqalar aniqlanmagani aytilmoqda. Gʻolib kompaniyalar tomonidan yetkazib berilgan mahsulotlar toʻliq hajmda, shartnomalarda belgilangan sifat talablariga muvofiq hamda belgilangan muddatlarda kombinat omborlariga topshirilgan. Tovarlar maxsus komissiya ishtirokida qabul qilingani ham taʼkidlangan.
OKMK rasmiylariga koʻra, mazkur shartnomalar kombinat manfaatlariga zarar yetkazmagan, davlat xaridlari jarayonida esa qonunbuzilish holatlari aniqlanmagan.
Hali ham ochiq qolayotgan jihatlar bor
Shu bilan birga, kombinatning rasmiy bayonotida hanuzgacha bir qator muhim jihatlar ochiq qolmoqda. Jumladan, oʻzbekistonlik tadbirkor Grigoriy Xvan ismli shaxsning tenderlarni yutib olgan bir nechta kompaniyalar bilan nega va qanday tarzda bogʻliqligi masalasi aniq izohlanmagan.
Surishtiruv materiallarida Xvanning nomi faqat Buyuk Britaniya bilan cheklanib qolmay, balki Gruziya, Singapur hamda Bagama orollari orqali choʻzilgan moliyaviy zanjirlarda ham muntazam uchrashi eʼtiborni tortadi. Bu holat esa uning OKMK tenderlarida bevosita yoki bilvosita manfaatdor tomon boʻlgan-boʻlmaganini aniqlash zaruratini yuzaga keltiradi. Biroq hozircha kombinat tomonidan manfaatlar toʻqnashuvi ehtimoli qanday baholangani yoki umuman baholangan-baholanmagani nomaʼlumligicha qolmoqda.
Shuningdek, 2021-yildan buyon Buyuk Britaniyada “dormant”, yaʼni faoliyatsiz maqomda qayd etilgan Lemixton Solutions Ltd (22,5 mln dollar) va Golders Business Ltd (13 mln dollar) kabi kompaniyalar qanday qilib yirik OKMK tenderlarini qoʻlga kiritgani masalasi ham ochiq savol boʻlib qolmoqda. Ularning real faoliyati, ishlab chiqarish quvvatlari yoki yetkazib berish tajribasi mavjud boʻlgan-boʻlmagani yuzasidan aniq maʼlumotlar keltirilmagan.
Kombinat esa oʻz izohlarida elektron tender tizimi eng past narx taklif qilgan ishtirokchini avtomatik tarzda gʻolib deb topishini taʼkidlaydi. Ammo bu yondashuvning oʻzi ham bir qator mantiqiy savollarni tugʻdiradi. Xususan, togʻ-kon sanoatida tajribaga ega boʻlmagan, hatto faoliyatsiz maqomdagi kompaniyalar real ishlab chiqaruvchilar yoki amaldagi yetkazib beruvchilarga nisbatan qanday qilib ancha arzon taklif bera olgani tushunarsizligicha qolmoqda. Tender baholash mezonlarida tajriba va malaka omili qanchalik hisobga olingani yoki umuman hisobga olinmagan holda, faqat narx ustuvor boʻlganmi — bu savollar ham hozircha javobsiz.
Oʻzi nima boʻlgandi?
2026-yil fevral oyida OCCRP (Organized Crime and Corruption Reporting Project) hamda Finance Uncovered jurnalistlari OKMK va bir nechta chet eldagi ofshor kompaniyalar oʻrtasidagi 200 million dollarlik tenderlar yuzasidan surishtiruv eʼlon qildi.
Xalqaro jurnalistlar aniqlagan sxema Buyuk Britaniya, Gruziya va Singapur orqali choʻzilib, tajribasiz, egalari yashirilgan firmalar qanday qilib OKMKning “ishonchli hamkori”ga aylangani borasida jiddiy savollarni oʻrtaga chiqardi.
Surishtiruv markazida Buyuk Britaniyada roʻyxatdan oʻtgan Lemixton Solutions Ltd va Golders Business Ltd turibdi. Hujjatlarga koʻra, bu kompaniyalar soʻnggi uch yil davomida OKMKning “ishonchli hamkori” boʻlgan. Biroq ular togʻ-kon sohasida tajribaga ega emas va 2021-yildan beri Companies House da “dormant”, yaʼni faoliyatsiz kompaniya sifatida qayd etilgan.
Shunga qaramay, aynan shu davrda Lemixton 22,5 million dollar, Golders Business esa 13 million dollarlik OKMK tenderlarini qoʻlga kiritgan va Oʻzbekistonga yuzlab yuk joʻnatmalarini amalga oshirgan.
Jurnalistlar soʻrovidan soʻng kompaniya egalari shoshilinch ravishda bir necha bor almashtirilib, hujjatlar orqa sana bilan qayta rasmiylashtirilgan. Avval britaniyalik buxgalter Vendi Konroy, keyin Grigoriy Xvan, undan soʻng esa Kolumbiya fuqarosi Felipe Gerrero “2018-yildan beri egasi” sifatida koʻrsatilgan. Ekspertlar buni haqiqiy benefitsiarlarni yashirishga urinish deb baholaydi.
Yana bir xavotirli holat — OKMK bilan tuzilgan shartnomalarda imzolar soxtalashtirilgan boʻlishi mumkin. Golders Business nomidan imzo qoʻyilgan Ruayri Laflin-Makkann bu hujjatlarni imzolamaganini bildirib, London politsiyasiga murojaat qilgan.
Surishtiruv Gruziya va Singapurdagi kompaniyalarni ham qamrab oladi. Bu kompaniyalar OKMKdan oʻnlab million dollarlik tenderlar olib, ofshor tuzilmalar orqali yana Grigoriy Xvan bilan bogʻlangan.
Surishtiruvning toʻliq oʻzbek tilidagi matni bilan quyida tanishish mumkin:









