Navoiy kon-metallurgiya kombinati London fond birjasida $500 mlnlik obligatsiyalarni joylashtirdi
Yangi obligatsiyalar bozordagi qulay sharoitlardan foydalangan holda chiqarilgan boʻlib, ularning muddati besh yilni, yillik foiz stavkasi esa 6,75 foizni tashkil etadi.
Maʼlumot uchun, NKMK 2024 yilda yuqori moliyaviy natijalarni qayd etdi — kompaniyaning sof foydasi $2,1 mlrddan oshdi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) London fond birjasida $500 mlnlik yangi korporativ obligatsiyalarni muvaffaqiyatli joylashtirdi.
Dunyoning toʻrtinchi yirik oltin ishlab chiqaruvchisi hisoblangan NKMK — Oʻzbekistonning yirik davlat korxonalaridan biri boʻlib, Qizilqum choʻlida joylashgan Muruntov oltin koni negizida faoliyat yuritadi. Ushbu kon mintaqadagi 150 million unsiyadan ortiq oltin zaxirasiga ega.
Yangi obligatsiyalar bozordagi qulay sharoitlardan foydalangan holda chiqarilgan boʻlib, ularning muddati besh yilni, yillik foiz stavkasi esa 6,75 foizni tashkil etadi.
Obligatsiyalar AQShning Qiymatli qogʻozlar toʻgʻrisidagi qonuni doirasidagi Regulation S va Rule 144A qoidalari asosida chiqarilgan. Bu esa xalqaro investorlar uchun kengroq kirish imkoniyatini taʼminladi.
Mazkur bitimda Citi, JP Morgan, Société Générale va MUFG banklari asosiy tashkilotchilar va bosh koordinatorlar sifatida ishtirok etdi. Investorlar tomonidan bildirilgan talab hajmi $2,3 mlrdga yetib, taklif etilgan miqdordan 4,6 baravarga oshdi.
NKMK vakillarining taʼkidlashicha, ushbu muvaffaqiyat investorlarning Oʻzbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar va kompaniyaning barqaror rivojlanish istiqbollariga boʻlgan yuqori ishonchidan dalolat beradi.
Obligatsiyalarni joylashtirishdan tushgan mablagʻlar mavjud kredit majburiyatlarini qulayroq shartlarda qayta moliyalashtirish hamda moliyaviy risklarni diversifikatsiya qilishga yoʻnaltiriladi.
NKMK 2024 yilda oʻz tarixidagi rekord darajadagi daromadga erishdi — sof foyda $2,1 mlrddan oshdi. Bu koʻrsatkich 2023 yilga nisbatan $659 mlnga koʻproq boʻlib, milliy valyutada ifodalanganda 27,7 trillion soʻmni tashkil etdi.
Maʼlumot uchun, 2025 yilning birinchi yarmida NKMK umumiy qiymati $5,2 mlrdga teng boʻlgan aksiyalarni birlamchi ommaviy taklif (IPO) orqali joylashtirishi kutilmoqda. Mazkur jarayonda Rothschild & Co. kompaniyaga IPO boʻyicha maslahatchi sifatida xizmat koʻrsatmoqda.