Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2025 yilda $3,5 mlrd sof foyda oldi
Hisobotga koʻra, kompaniyaning tushumi $10,8 mlrdga, sof foydasi esa $3,5 mlrdga yetib, mos ravishda 46% va 64% oʻsish qayd etdi. Natijalarning yaxshilanishiga global bozorda oltin narxining tarixiy darajada oʻsishi sabab boʻlgan. Shuningdek, Markaziy bank yil davomida kombinatdan qariyb 10 mlrdlik oltin sotib olgan.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) 2025 yil uchun IFRS standartlari asosida tayyorlangan moliyaviy hisobotini eʼlon qildi.
Hisobotga koʻra, 2025 yilda kombinatning umumiy tushumi $10,8 mlrdni tashkil etdi. Bu 2024 yilgi $7,4 mlrdlik koʻrsatkichga nisbatan 46 foizga koʻproq.
Yil yakunida kompaniyaning yalpi foydasi $6,5 mlrd, operatsion foydasi esa $6,2 mlrd boʻldi. Daromad soligʻi va boshqa barcha xarajatlar chegirib tashlanganidan soʻng, sof foyda $3,5 mlrdni tashkil etdi. Bu 2024 yildagi $2,1 mlrdga nisbatan 64 foizga yuqori koʻrsatkichdir.
Moliyaviy natijalarning keskin oʻsishiga oltin narxining global miqyosda rekord darajada qimmatlashgani asosiy omil boʻldi. London Bullion Market Association (LBMA) maʼlumotlariga koʻra, 2025 yilda oltinning oʻrtacha narxi troya unsiyasi uchun $3 440 ga yetdi. Taqqoslash uchun, 2024 yilda bu koʻrsatkich $2 389 boʻlgan — yaʼni bir yil ichida narx 44 foizga oshgan.

Kompaniyaning asosiy mijozi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boʻlib, unga oltin sotishdan tushgan tushum $9,99 mlrdni tashkil etdi.
Tannarx tuzilmasiga koʻra, 2025 yilda mahsulot sotishning umumiy tannarxi $4,3 mlrd boʻlgan. Biroq tushum oʻsishi tannarx oʻsishidan sezilarli darajada yuqori boʻlgani sababli, kompaniyaning foydasi ham keskin ortgan.
2025 yil 31 dekabr holatiga koʻra, kombinatning umumiy qarzi $2,46 mlrd, kapitali esa $5,4 mlrdni tashkil etdi. Xususan, NKMK 2025 yil may oyida Londonda $500 mln nominal qiymatdagi yevrobondlarni 6,75 foizlik kupon stavkasi bilan, 2030 yil muddat bilan joylashtirdi.
Kombinatning yagona aksiyadori davlat hisoblanadi. 2025 yilda davlatga toʻlangan dividendlar $3,2 mlrdga yetdi, bu 2024 yildagi $1,73 mlrdga nisbatan 85 foizga koʻp. 2026 yilning yanvar–mart oylarida esa yana $248 mln dividend toʻlangan.
Avvalroq Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) Oʻzbekiston va Buyuk Britaniyada ikkita IPO oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrayotgani haqida xabar berilgandi. Davlat korxonasi qarzlarni ham inobatga olgan holda taxminan 20 milliard dollarlik baholashga erishishni kutmoqda.
Biroq, Bloomberg xabariga koʻra, NKMKning IPO jarayoni kechikishi mumkin. Hukumat oltin qazib oluvchi kompaniya IPO’dan soʻng davlat byudjetiga toʻlanadigan yirik dividendlar qisqarib ketishidan xavotir bildirmoqda. Shu sababli 2026 yil boshida oʻtkazilishi rejalashtirilgan IPO amalga oshmay qolgan.









