MrBeast 9 oktabr kuni Toshkentga keladi
YouTube’da 520 mlnga yaqin obunachiga ega amerikalik bloger Jimmy Donaldson — MrBeast 9 oktabr kuni Oʻzbekistonga keladi. U Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi taklifiga binoan Toshkentdagi maxsus tadbirda qatnashadi. Tadbirga kirish bepul, biroq ishtirokchilar roʻyxatdan oʻtganlar orasidan tasodifiy tanlanadi.

MrBeast nomi bilan tanilgan Jimmy Donaldson 9 oktabr kuni Toshkentda oʻtkaziladigan jamoatchilik dasturida ishtirok etadi. Tashrif Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi — ACDF tomonidan tashkil etilmoqda.
Tadbirda faqat 18 yoshga toʻlgan va Toshkentda shaxsan qatnasha oladiganlar ishtirok etishi mumkin. Boshqa hudud yoki davlatdan keladigan qatnashchilarning yoʻlkira, yashash va boshqa xarajatlari tashkilotchilar tomonidan qoplanmaydi.
Roʻyxatdan oʻtish 6 oktabr kuni soat 12:00 da boshlangan va 8 oktabr soat 12:00 gacha davom etadi. Rasmiy platformada anketa toʻldirish, pasport yoki ID-karta nusxasini yuklash, faol elektron pochta manzili va Oʻzbekistonning +998 kodli telefon raqamini koʻrsatish talab qilinadi. Bundan tashqari, Toshkent zamonaviy sanʼat markazining Instagram sahifasiga obuna boʻlish ham roʻyxatdan oʻtish shartlaridan biri sifatida koʻrsatilgan.
Tadbirga quyidagi havola orqali roʻyxatdan oʻtish mumkin.
Har bir shaxs faqat bir marta ariza topshirishi mumkin. Takroriy, avtomatik yoki notoʻgʻri toʻldirilgan arizalar saralashdan oldin chiqarib tashlanadi.
Roʻyxatdan oʻtganlarning barchasi tadbirga kira olmaydi. Arizalar qabul qilish yakunlangach, talablarga javob bergan nomzodlar kompyuter tizimi orqali tasodifiy tanlanadi. Tashkilotchilarga koʻra, natijaga ishtirokchining shaxsiy aloqalari, ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilari soni yoki anketadagi javoblari taʼsir qilmaydi.
Tanlanganlarga elektron pochta orqali tadbir tafsilotlari va shaxsiy QR-kod yuboriladi. Ajratilgan joyni boshqa shaxsga berish, sotish yoki almashtirish mumkin emas, shuningdek, tadbirga hamroh olib kirishga ruxsat berilmaydi.
MrBeast hozir YouTube’dagi eng katta auditoriyaga ega kanallardan biri. 6 oktabr holatida uning asosiy kanali 520 mln obunachiga yetgan va videolarining jami koʻrishlari 141,7 mlrddan oshgan.
Tashkilotchilar roʻyxatdan oʻtish bepul ekanini alohida qayd etgan. Jarayonda bank kartasi rekvizitlari yoki akkaunt parollari soʻralmaydi; tadbir va roʻyxatdan oʻtish boʻyicha rasmiy maʼlumotlar ACDF kanallari orqali beriladi.









