11 903.150 so‘m

decrease

-62.360

13 329.150 so‘m

decrease

-108.120

146.750 so‘m

increase

0.790

11 903.150 so‘m

decrease

-62.360

7 soat avval
FinLit
84

Mikroqarzni bir necha daqiqada olish mumkin. Lekin shartnomani oʻqimaslik qanchaga tushadi?

Mikroqarz olishda faqat foiz stavkasiga qarash yetarli emas. Qoʻshimcha toʻlovlar kartaga tushadigan mablagʻni sezilarli kamaytirishi mumkin. 

Raqobat qoʻmitasi oʻrgangan holatda 19,66 mln soʻmlik qarzning 6 mln soʻmi operator haqiga ushlab qolingan. 

Bunday toʻlovlar qarz yukiga qanday taʼsir qiladi va shartnomada nimalarga eʼtibor berish kerak?

Mikroqarzni bir necha daqiqada olish mumkin. Lekin shartnomani oʻqimaslik qanchaga tushadi?

Mikroqarz shartnomasidagi summa bilan kartaga tushadigan mablagʻ oʻrtasida katta farq boʻlishi mumkin. Toʻlovning kechikishi esa qolgan qarzni muddatidan oldin qaytarish talabiga olib keladi. Raqobat qoʻmitasi isteʼmolchilar murojaatlari asosida ushbu holatlarni tahlil qildi.

Kartaga 13,65 mln soʻm, shartnomada esa 19,66 mln soʻm

Qoʻmita tahlil qilgan shartnomalardan birida mikroqarz miqdori 19 mln 656 ming soʻm etib belgilangan. Isteʼmolchining kartasiga esa 13 mln 650 ming soʻm oʻtkazilgan. Qolgan 6 mln 6 ming soʻm mablagʻ berilgan paytda operator haqi sifatida avtomatik undirilgan.

Operator haqi jami mikroqarzning 30,6 foizini, isteʼmolchi amalda olgan pulning esa 44 foizini tashkil etgan. Yaʼni kartaga tushgan har 1 mln soʻm hisobiga 1,44 mln soʻmlik qarz shakllangan.

Isteʼmolchi 13,65 mln soʻmdan foydalangan, qaytarish majburiyati esa 19,66 mln soʻm boʻyicha yuzaga kelgan.

Mikroqarzning haqiqiy xarajati qanday baholanadi?

Takliflarni solishtirganda foiz stavkasi bilan birga kartaga tushadigan mablagʻ, ushlab qolinadigan haqlar va jami qaytariladigan summani hisoblash zarur.

Shartnomada “operator haqi”, “komissiya” yoki boshqa xizmat toʻlovi boʻlsa, uning miqdori va qachon undirilishini aniqlashtirish kerak. Qarz summasidan oldindan ushlab qolinadigan har bir toʻlov isteʼmolchi foydalanishi mumkin boʻlgan mablagʻni kamaytiradi.

Bitta toʻlov kechiksa, qolgan qarz ham talab qilinishi mumkin

Fuqarolik kodeksining 736-moddasiga koʻra, qarzni boʻlib-boʻlib qaytarish belgilangan boʻlsa, navbatdagi toʻlov muddati buzilganda qarz beruvchi qolgan barcha summani tegishli foizlar bilan birga muddatidan oldin qaytarishni talab qilishga haqli.

Natijada bir necha oyga taqsimlangan qarzni birdaniga toʻlash zarurati tugʻilishi mumkin. Shuning uchun kechikish oqibatlarini ham shartnomani tasdiqlashdan oldin oʻrganish muhim.

Qarz olishdan oldin nimalarni aniqlashtirish kerak?

Mikroqarz rasmiylashtirishdan avval quyidagilarga eʼtibor qaratish zarur:

  • kartaga amalda tushadigan mablagʻ;
  • foiz va boshqa toʻlovlar bilan jami qaytariladigan summa;
  • oylik toʻlov miqdori va sanasi;
  • toʻlov kechikkanda yuzaga keladigan talablar va qoʻshimcha xarajatlar.

Qaytarish imkoniyatini baholashda ijara, oziq-ovqat, transport va boshqa qarzlar uchun xarajatlar ham hisobga olinadi. Mikroqarz boʻyicha oylik toʻlovni qoplash uchun ushbu xarajatlardan keyin qoladigan mablagʻ yetarli boʻlishi kerak.

Shartnoma va toʻlov jadvali nusxasini saqlash keyinchalik toʻlovlarni tekshirish yoki nizoni hal qilishda ahamiyatli. Isteʼmolchilar huquqlari buzilgan holatlarda Raqobat qoʻmitasining 1159 raqamiga murojaat qilish mumkin.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+