Meta, Google va Apple: xorijiy kompaniyalar 2024 yilda Oʻzbekistonga qariyb 120 mlrd soʻmlik soliq toʻladi
2024 yilda mazkur kompaniyalar tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar hajmi 1,5 barobarga oshdi.
Birgina Meta’ning oʻzi sohadagi umumiy soliq tushumlarining 1/3 qismini toʻlagan.
Shuningdek, top oʻntalikka TikTok va ACCA yangi boʻlib qoʻshilgan.
Soliq qoʻmitasi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, mamlakat hududida elektron xizmatlar koʻrsatuvchi xorijiy kompaniyalar soni, ularga toʻlangan soliqlar va koʻrsatilgan xizmatlar hajmi yildan-yilga ortib bormoqda.
2023 yil bilan solishtirilganda, 2024 yilda ushbu sohada sezilarli oʻsish kuzatilgan. Jumladan, elektron xizmatlar bozorida faoliyat yuritayotgan xorijiy kompaniyalar soni 1 yanvar holatiga koʻra, 56 tadan 63 taga yetdi.
Xizmatlar hajmi va soliqlar dinamikasi
2023 yilda koʻrsatilgan xizmatlar hajmi 635,1 milliard soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2024 yilda bu koʻrsatkich 1,5 barobarga oshib, 959 milliard soʻmga yetgan. Soliq tushumlari ham 69,8 milliard soʻmdan 115,8 milliard soʻmga oshgan.
Eng koʻp soliq toʻlagan kompaniyalar
2023 va 2024 yillarda Oʻzbekistonda eng koʻp soliq toʻlagan xorijiy kompaniyalarning birinchi beshtaligida Meta, Google, Apple, Amazon va Booking.com yetakchilik qilgan.
2024 yilda soliq tushumlari yana ortib, yangi kompaniyalar roʻyxatga qoʻshildi:
- Meta – 41,7 milliard soʻm
- Google – 28,9 milliard soʻm
- Apple – 27,2 milliard soʻm
- Amazon – 4,1 milliard soʻm
- Booking.com – 3,6 milliard soʻm
- Netflix – 1,4 milliard soʻm
- Zoom – 1,3 milliard soʻm
- ACCA – 1,2 milliard soʻm (top-10 da yangi)
- XCOLLA – 966 million soʻm
- TikTok – 903 million soʻm (top-10 da yangi)
Yangi kompaniyalarning kirib kelishi va bozorning diversifikatsiyasi
2024 yilda top-10 roʻyxatga ACCA va TikTok kabi kompaniyalar kirib kelgan. Bu esa Oʻzbekistonda elektron xizmatlar faqat IT gigantlari bilan cheklanib qolmay, balki yangi yoʻnalishlar boʻyicha ham rivojlanayotganini koʻrsatadi.
TikTok – ijtimoiy tarmoqlar segmentida faoliyat yurituvchi yetakchi platforma. Uning roʻyxatga kirishi Oʻzbekistonda kontent yaratuvchilar va raqamli reklama bozori oʻsib borayotganidan dalolat beradi.
ACCA – bu xalqaro buxgalteriya va audit tashkiloti boʻlib, Oʻzbekiston bozoriga kirib kelishi elektron taʼlim va sertifikatsiya xizmatlariga boʻlgan talab oshayotganini bildiradi.