May oyida inflyatsiya 2024 yil iyunidan beri eng yuqori darajaga yetdi
May oyida yillik inflyatsiya 8,7 foizgacha pasayib, soʻnggi 12 oy ichidagi eng past darajaga tushdi. Shu bilan birga, oylik inflyatsiya 1,5 foizni tashkil etib, 2024 yil iyunidan beri eng yuqori darajaga yetdi.

May oyida Oʻzbekistonda isteʼmol narxlari 1,5 foizga oshdi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi hisobotida maʼlum qilindi.
Oylik inflyatsiya surʼatlari aprel oyiga nisbatan ikki baravardan koʻproqqa tezlashdi va oʻtgan yil iyunidan buyon eng yuqori darajaga yetdi. Yil boshidan buyon narxlarning umumiy oʻsishi 4,4 foizni tashkil etdi, oʻrtacha oylik koʻrsatkich esa 0,9 foizni tashkil qilib, 2023 yilning birinchi besh oyidagi 0,7 foizdan va 2024 yildagi 1,1 foizdan past boʻldi.
Yillik inflyatsiya 8,7 foizgacha pasayib, soʻngi 12 oy ichidagi eng past koʻrsatkichga yetdi. 2024 yil may oyida energiya tariflari oshirilganligi bilan bogʻliq yuqori baza effekti tugadi.

May oyida mavsumiy omillar tufayli oziq-ovqat mahsulotlari 0,8 foizga arzonlashdi, bu esa umumiy isteʼmol narxlari indeksining pasayishiga yordam berdi. Yillik diapazonda oziq-ovqat inflyatsiyasi 6,5 foizni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning may oyiga nisbatan deyarli 1 foizga yuqoridir.
Sabzavotlar va dukkakli oʻsimliklar yangi hosil bozorga chiqqani sababli 10,7 foizga arzonlashdi. Eng koʻp arzonlashgan mahsulotlar — bodring (-61%), pomidor (-27%) va karam (-14%) boʻldi. Shu bilan birga, sabzi narxi 15 foizga oshdi.
Bundan tashqari, may oyida tuxum (-4%), guruch (-0,5%), parranda goʻshti (-0,3−0,5%) va sut (-0,2%) arzonlashdi. Ayni paytda shakar narxi 2,2 foizga, oʻsimlik yogʻi esa 4 foizga oshdi.
May oyida sanoat tovarlari narxlarining oʻrtacha oʻsishi 1,7 foizgacha tezlashdi, soʻnggi 12 oy ichida esa 8,2 foizga yetdi. Xususan, aholiga moʻljallangan suyultirilgan gaz 25 foizga, avtomobillar uchun metan esa 27 foizga qimmatlashdi.
Pullik xizmatlar sohasidagi inflyatsiya umumiy narxlar oʻsishiga asosiy hissa qoʻshdi — oy davomida 5,9 foizga, yillik hisobda esa 15,9 foizga oshdi. Bunga asosiy sabab — elektr energiyasi tariflarining oʻrtacha 18,8 foizga, gaz narxining esa 39,2 foizga koʻtarilishi boʻldi.
Transport sohasida narxlar oʻrtacha 1 foizga oshdi, bu asosan avtomobil transporti (+2,4%) va temir yoʻl tashishlari (+0,1%) narxining oshishi bilan bogʻliq.