12 275.580 so‘m

decrease

-11.730

14 591.980 so‘m

decrease

-52.040

159.090 so‘m

increase

0.260

12 275.580 so‘m

decrease

-11.730

9 soat avval
Bank
46

Markaziy bank yanvar oyida 7 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi

Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi 2026 yil yanvar oyida oʻtkazilgan yigʻilishlarda bank va mikromoliya sektoriga oid 27 ta masalani koʻrib chiqib, qonunchilik talablarini buzgan 7 ta bank hamda 1 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalarini qoʻlladi.

Markaziy bank yanvar oyida 7 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
Foto: AI/Pinkod.uz

Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi 2026 yil yanvar oyidagi yigʻilishlarida jami 27 ta masalani koʻrib chiqdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati maʼlum qildi.

Roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishida 17 ta masala muhokama qilindi. Xususan, 4 ta holatda kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlar roʻyxatdan oʻtkazildi, 2 ta masala esa ustav fondidagi ulushga egalik qilish uchun ruxsat berish bilan bogʻliq boʻldi.

Shuningdek, yigʻilishlarda 3 ta toʻlov tashkilotiga litsenziya berish masalasi koʻrib chiqildi. Tijorat banklarining kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari, shuningdek, muhim ahamiyatga ega xodimlar nomzodlari boʻyicha 5 ta masala muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Baraka Biznes Hamroh hamda Effective Money mikromoliya tashkilotlari oʻz arizasiga asosan mikromoliya tashkilotlari reyestridan chiqarildi. IT Unisoft Group aksiyadorlik jamiyatiga berilgan toʻlov tashkiloti litsenziyasi ham kompaniya arizasiga muvofiq bekor qilindi.

Kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga doir 10 ta masala doirasida Markaziy bank koʻrsatmalari va prudensial meʼyorlarga rioya etilishi, shuningdek, banklar va mikromoliya tashkilotlarida oʻtkazilgan inspeksiya natijalari muhokama qilindi.

Bank xizmatlari isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish hamda toʻlov tashkilotlarining belgilangan talablarga amal qilishi yuzasidan ham alohida masalalar koʻrib chiqildi. Qonunchilik talablariga muvofiq faoliyat yuritmagan 4 ta toʻlov tashkilotiga nisbatan qatʼiy choralar qoʻllanishi haqida ogohlantirish berildi.

Shuningdek, korporativ bank kartalariga xizmat koʻrsatish jarayonida qonunchilik talablari buzilgani va inspeksiyalar davomida aniqlangan kamchiliklar sababli 7 ta bank hamda 1 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qoʻllandi.

Bundan tashqari, ustav kapitali qonunchilikda belgilangan eng kam miqdorga yetkazilmagani va bank faoliyatiga oid bir qator talablar bajarilmagani sababli “Yangi Bank”ning bank faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyasi bekor qilindi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+