12 447.350 so‘m

increase

86.490

14 545.970 so‘m

increase

66.460

146.080 so‘m

increase

0.420

12 447.350 so‘m

increase

86.490

2 kun avval
Bozor

Markaziy bank raqamli soʻm va steyblkoinlarni joriy etishni koʻrib chiqmoqda — Timur Ishmetov

Regulyator allaqachon Prezidentga steyblkoinlardan foydalanish boʻyicha pilot loyiha boshlash taklifini kiritgan. Loyihani Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirish rejalashtirilmoqda va uning natijalariga koʻra aholining raqamli valyutalarga boʻlgan talabi baholanadi.

Markaziy bank raqamli soʻm va steyblkoinlarni joriy etishni koʻrib chiqmoqda — Timur Ishmetov

Oʻzbekiston Markaziy banki oʻzining raqamli valyutasi — raqamli soʻm va tijorat banklari tomonidan chiqarilishi mumkin boʻlgan steyblkoinlarni muomalaga kiritish masalasini oʻrganmoqda. 

Bu haqda regulyator rahbari Timur Ishmetov 11 sentabr kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida maʼlum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, Markaziy bank raqamli valyutalarni ikki turga ajratib oʻrganmoqda: Markaziy bankning raqamli valyutasi — CBDC(central bank digital currency) va tijorat banklari tomonidan chiqariladigan steyblkoinlar (barqaror narxga ega kriptovalyuta). 

“Biz hozirda ikkala variantni ham koʻrib chiqyapmiz. Kecha Prezidentga steyblkoinlardan foydalanish boʻyicha pilot loyihani boshlash takliffini berdik. Biz hamma “opsiyalarni” koʻrib chiqmoqchimiz”, — dedi u.

Timur Ishmetovning taʼkidlashicha, yaqinda AQSh Federal Rezerv tizimi raqamli dollar chiqarishdan voz kechdi va faqat banklar tomonidan emissiyaga ruxsat berdi. Biroq bu ham Markaziy bank uchun xavf tugʻdiradi. 

“Banklar chiqaradigan steyblkoinlarning pul va rezervlar bilan toʻliq taʼminlanishi qatʼiy nazorat qilinishi lozim. Aks holda, bu qoʻshimcha pul emissiyasiga teng boʻlib qolishi mumkin”, — deya tushuntirdi u.

Markaziy bank  Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan hamkorlikda steyblkoinlarni toʻlov vositasi sifatida sinovdan oʻtkazishni rejalashtirmoqda. Pilot loyiha yakunida aholi va biznes subʼektlarining raqamli valyutalarga boʻlgan talab darajasi baholanadi.

«Raqamli valyutalar boʻyicha yuqori kutishlar bor. Ammo dunyo davlatlari tajribasi shuni koʻrsatadiki, agar mamlakatda yaxshi rivojlangan toʻlov tizimi yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, odamlar qoʻshimcha toʻlov vositasiga qiziqmaydi. Shuning uchun avval sinov oʻtkazamiz va amaliyotdan kelib chiqib natijani koʻramiz», — dedi Ishmetov.

Bundan tashqari, Markaziy bank rahbari regulyator oʻzining raqamli valyutasini chiqarish masalasini koʻrib chiqish zarurligini ham taʼkidladi. 

Bu nafaqat aholining va biznesning chakana toʻlovlarida, balki Markaziy bank va tijorat banklari oʻrtasidagi operatsiyalarda hamda Markaziy bankning boshqa davlatlar bilan tranzaksiyalarida qoʻllanilishi mumkin. 

“Hamma variantlarni test qilib oʻrganish niyatimiz bor”, — deya xulosa qildi Markaziy bank raisi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+