12 029.200 so‘m

decrease

-43.760

14 065.740 so‘m

decrease

-111.540

160.260 so‘m

decrease

-0.910

12 029.200 so‘m

decrease

-43.760

9 daqiqa avval
Bank
21

Markaziy bank nega asosiy stavkani oʻzgarishsiz qoldirdi?

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirdi. Qaror inflyatsiya pasayayotgan boʻlsa-da, narxlar barqarorlashuvi sustlashgani, inflyatsion kutilmalar prognozdan yuqori qolayotgani va iqtisodiyotda yuqori yalpi talab saqlanayotgani bilan izohlandi. Regulyatorga koʻra, joriy qatʼiy pul-kredit sharoitlari inflyatsiyani 5 foizlik targetga barqaror tushirish uchun zarur.

Markaziy bank nega asosiy stavkani oʻzgarishsiz qoldirdi?
Foto: AI/Pinkod.uz

Markaziy bank boshqaruvi 2026 yil 29 apreldagi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish haqida qaror qabul qildi. Regulyator bu qarorni inflyatsiya pasayayotgan boʻlsa-da, iqtisodiyotda narxlarga bosim beruvchi omillar hali saqlanib qolayotgani bilan izohladi.

2026 yil mart oyida umumiy inflyatsiya yillik 7,1 foizgacha pasaydi, bazaviy inflyatsiya esa 5,7 foizni tashkil etdi. Yangilangan prognozlarga koʻra, yil yakunida inflyatsiya 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda. Biroq bu koʻrsatkich Markaziy bankning 5 foizlik targetidan yuqori. Shu sababli regulyator pul-kredit sharoitlarini yumshatishga hali erta, deb hisoblamoqda.

Markaziy bankka koʻra, soʻnggi oylarda inflyatsiya pasaygan boʻlsa-da, narxlarning barqarorlashuv jarayoni sustlashgan. Mart oyidagi pasayish asosan ayrim tovarlar boʻyicha oʻtgan yilgi yuqori baza taʼsirining chiqib ketishi hisobiga yuz bergan. Bu esa inflyatsion bosimlar toʻliq bartaraf etilganini anglatmaydi.

Iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalar ham mart oyida pasayishda davom etgan boʻlsa-da, inflyatsiyaning prognoz koʻrsatkichlaridan yuqori darajada shakllanmoqda. Soʻnggi oylardagi inflyatsiyaning keng qamrovli pasayishining sekinlashishi hamda joriy inflyatsiya tendensiyalari iqtisodiyotda maʼlum bir inflyatsion bosimlar saqlanib qolayotganini koʻrsatmoqda.

Qarorga iqtisodiy faollikning yuqoriligi ham taʼsir koʻrsatgan. 2026 yilning birinchi choragida yalpi ichki mahsulot real hisobda 8,7 foizga oʻsdi. Xizmatlar, qurilish va savdo sohalaridagi faollik iqtisodiyotda yalpi talab yuqori ekanini koʻrsatmoqda. 

“Iqtisodiy faollikning jadallashuvi, yuqori yalpi talab va tashqi iqtisodiy muhitdagi noaniqliklar fonida” qatʼiy pul-kredit sharoitlarini davom ettirish lozim deb topilgani xabarda qayd etilgan.

Tashqi iqtisodiy sharoitda geosiyosiy ziddiyatlarning kuchayishi fonida jahon bozorida neft va oziq-ovqat narxlarining oshishi boʻyicha xatarlar kuchaymoqda. Bu, shuningdek, logistika va tashish xarajatlarining ortishi bilan birga kelgusida import narxlari orqali ichki inflyatsiyaga qoʻshimcha bosim yaratishi mumkin.

Shu bilan birga, asosiy savdo hamkor davlatlar valyutalarining mustahkamlanayotgani, oltin narxining yuqori darajada saqlanib qolayotgani, eksport tushumlari va pul oʻtkazmalarining barqaror oʻsishi ichki valyuta bozoridagi taklifni qoʻllab-quvvatlamoqda.

Markaziy bankka koʻra, iqtisodiyotda real hisobda ijobiy foiz stavkalar aholining jamgʻarishga boʻlgan moyilligini qoʻllab-quvvatlashga hamda kreditlash surʼatlarining moʻtadillashuviga xizmat qilmoqda. Joriy pul-kredit sharoitlari saqlab qolinishi inflyatsiyani target darajasigacha barqaror pasaytirish va inflyatsion kutilmalarni jilovlash imkonini beradi.

Umumiy inflyatsiyaga oshiruvchi omillar kuchayishi va inflyatsion kutilmalarning oʻsishi natijasida inflyatsiya target darajasiga erishish kechikishi xavfi yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlarining yetarli darajada qatʼiyligi taʼminlanadi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2026 yil 17 iyun kuniga belgilangan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+