11 981.810 so‘m

decrease

-32.670

13 879.730 so‘m

increase

21.030

165.130 so‘m

decrease

-1.480

11 981.810 so‘m

decrease

-32.670

3 soat avval
Bank
53

Markaziy bank avgustdan bankomatlardagi nosozliklar uchun banklarni jarimaga tortishi mumkin

2025 yilda bankomatlar orqali naqd pul yechib olish bilan bogʻliq 291 mingta muammoli holat qayd etilgan. Markaziy bank 6 avgustdan boshlab mijozlarga xizmat koʻrsatish qoidalarini buzgan banklarga moliyaviy jarimalar qoʻllashni boshlashi mumkin.

Markaziy bank avgustdan bankomatlardagi nosozliklar uchun banklarni jarimaga tortishi mumkin
Foto: AI/Pinkod.uz

6 avgustdan boshlab bankomatlar orqali naqd pul yechib olishda mijozlarga xizmat koʻrsatish qoidalarini buzgan banklarga moliyaviy jarimalar qoʻllanishi mumkin. Bu haqda 13 iyun kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov maʼlum qildi.

Majlisda senatorlar Markaziy bankning 2025 yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqdi. Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Kutbidin Burxanov oʻtgan yili bankomatlar orqali naqd pul yechib olish bilan bogʻliq qariyb 290 mingta nosozlik holati qayd etilganini bildirdi.

Ular orasida bankomat naqd pul bermagani, mablagʻ kartadan yechilib, amalda berilmagani yoki bankomat ichida karta qolib ketgani kabi holatlar mavjud.

Senatorning maʼlum qilishicha, qariyb 10 mingta murojaatni koʻrib chiqish 15 kundan ortiq davom etgan. Uch mingdan ziyod fuqaro esa muammoni hal qilish uchun ichki ishlar organlariga murojaat qilishga majbur boʻlgan.

Burxanovning taʼkidlashicha, texnik nosozliklar tufayli huquq-tartibot idoralari xodimlari asosiy vazifalari — jinoyatchilikning oldini olish oʻrniga bankomatlar bilan bogʻliq muammolarni hal qilishga jalb etilgan.

Shundan soʻng u Markaziy bankdan bunday holatlarning oldini olish va fuqarolarning murojaatlarini tezroq hal etish boʻyicha qanday choralar koʻrilayotganini soʻradi.

Muammoli operatsiyalar ulushi 0,08 foizni tashkil etgan

Markaziy bank raisi Timur Ishmetov bankomatlar bilan bogʻliq 291 mingta holat yuqori koʻrsatkich ekanini tan oldi. Biroq u 2025 yilda bankomatlar orqali jami 341 mln operatsiya amalga oshirilgani, muammoli tranzaksiyalar ulushi esa 0,08 foizni tashkil etganini qayd etdi.

Uning soʻzlariga koʻra, nosozliklarning qariyb 85 foizi bevosita banklar faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan.

Xususan, holatlarning taxminan:

  • 20 foizi bankomatda kerakli nominaldagi banknotlar mavjud boʻlmagani;
  • 20 foizi karta bloklangani yoki PIN-kod notoʻgʻri kiritilgani;
  • 15 foizi aloqa bilan bogʻliq uzilishlar;
  • 10 foizi elektr taʼminotidagi muammolar sababli yuzaga kelgan.

Bevosita banklar va toʻlov tizimlari operatorlari faoliyatiga bogʻliq holatlar esa qariyb 46 mingtani yoki umumiy koʻrsatkichning 15 foizini tashkil etgan.

Nosozliklar isteʼmolchi huquqlarining buzilishi sifatida baholanadi

Ishmetov Markaziy bank bankomatlardagi har bir operatsiyani alohida nazorat qila olmasligini taʼkidladi. Shunga qaramay, regulyator isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish va banklarning xizmat sifati uchun javobgarligini oshirishni rejalashtirmoqda.

“Biz meʼyorlar orqali emas, balki isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish nuqtai nazaridan yondashishni boshladik. Ularni ishlab chiqish uzoq vaqt talab qiladi. Bundan buyon meʼyorlarni shoshilmasdan ishlab chiqamiz, biroq banklarga bu yoʻnalishda ishlashimizni oldindan tushuntirib, tegishli koʻrsatma xatlarini yuboryapmiz”, — dedi Markaziy bank raisi.

Regulyator banklarga toʻlov infratuzilmasi sifatini yaxshilash hamda naqd pul yechishdagi muammolarni oddiy texnik nosozlik emas, balki mijozlar huquqlarining ehtimoliy buzilishi sifatida koʻrib chiqish boʻyicha talablar yuborgan.

Shuningdek, Markaziy bank bu yoʻnalishda bir qator meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqqan. Ulardan biri 6 avgustdan kuchga kiradi. Hujjat bankomatlardan foydalanishda mijozlarga xizmat koʻrsatish qoidalarini buzgan banklarga moliyaviy jarimalar qoʻllash imkonini beradi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+