11 813.090 so‘m

decrease

-7.390

13 677.200 so‘m

decrease

-88.930

135.610 so‘m

decrease

-1.900

11 813.090 so‘m

decrease

-7.390

37 daqiqa avval
Bank
53

Mahalla bankirlari loyihalarni moliyalashtirish usullarini bilmasligi tanqid qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev mahalla bankirlari va hokim yordamchilari loyihalarni moliyalashtirish usullarini yetarli bilmasligini qayd etdi. Yangi tizimda tuman shtablariga jami 3,2 trln soʻmlik resursni mustaqil taqsimlash vakolati beriladi. 100 ta oilani kooperatsiyaga jalb qilgan tadbirkorlar 5 mlrd soʻmgacha garovsiz kredit olishi mumkin boʻladi.

Mahalla bankirlari loyihalarni moliyalashtirish usullarini bilmasligi tanqid qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambagʻallikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda moliyalashtirish tizimini oʻzgartirish boʻyicha qator vazifalar belgilandi.

Yangi tartibga koʻra, tuman shtablari kimga qancha kredit berish, uni naqd yoki naqdsiz shaklda ajratish, qaytarish muddatini uzaytirish hamda toʻlov grafigini biznes turiga moslashtirishni mustaqil hal qiladi.

Shuningdek, inklyuziv moliyalashtirish masalalari ham shtablar vakolatiga oʻtkaziladi.

Hozir oilaviy tadbirkorlik uchun 1,37 trln soʻm, yoshlar tadbirkorligi uchun esa 450 mlrd soʻm kredit resursi mavjud. Tuman shtablariga ushbu mablagʻlarni mahalliy sharoit va loyihalarning samaradorligidan kelib chiqib yoʻnaltirish imkoniyati beriladi.

Tumanlar ixtiyoriga 3,2 trln soʻm yoʻnaltiriladi

Kambagʻallik jamgʻarmasidagi 240 mlrd soʻm, Bandlik jamgʻarmasidagi 100 mlrd soʻm va uchta “daftar”dagi 760 mlrd soʻm ham tuman shtablari ixtiyoriga beriladi.

Bundan tashqari, Tadbirkorlik kompaniyasining kompensatsiyalar uchun 2026 yil yakuniga qadar nazarda tutilgan 300 mlrd soʻmlik qoldigʻi shtablar orqali ajratiladi.

Shu tariqa, tumanlar ixtiyoriga jami 3,2 trln soʻm resurs yoʻnaltirilishi maʼlum qilindi. Tuman shtablari kredit bilan birga subsidiya yoki foizsiz ssuda berish masalasini ham mustaqil hal qiladi.

Rasmiy xabarda sanab oʻtilgan resurslar alohida qoʻshib hisoblanganda 3,22 trln soʻmni tashkil etadi. Yakuniy miqdor esa yaxlitlangan holda 3,2 trln soʻm deb koʻrsatilgan.

5 mlrd soʻmgacha garovsiz kredit beriladi

Lider tadbirkor 10 ta oila bilan kooperatsiya qilsa, 500 mln soʻmgacha garovsiz kredit olishi mumkin boʻladi.

Agar tadbirkor 100 ta oila bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻysa, garovsiz kredit miqdori 5 mlrd soʻmgacha yetadi.

Shuningdek, kredit tarixida kechikish qayd etilgan ehtiyojmand aholining loyihalarini ham individual baholash asosida imtiyozli moliyalashtirish imkoniyati yaratiladi.

Bu avval kredit toʻlovini kechiktirgan fuqaroning arizasi avtomatik rad etilmasligi, uning loyihasi va hozirgi moliyaviy imkoniyatlari alohida oʻrganilishini anglatadi.

“Garovi bormi?” yondashuvi tanqid qilindi

Yigʻilishda mahalla bankirlari va hokim yordamchilarining loyihalar bilan ishlash koʻnikmalari tanqidiy baholandi.

Ularning aksariyati kimga kredit kerakligi, qaysi loyihani lizing, faktoring, kafolat, sugʻurta, aylanma mablagʻ yoki shartnoma asosida moliyalashtirish mumkinligini tushunmasligi qayd etildi.

Bankirlar va hokim yordamchilari loyihani oʻrganishdan oldin hamon “Garovi bormi?” degan savolni qoʻyayotgani tanqid qilindi.

Bundan tashqari, tadbirkorlarga kredit ajratishda byurokratik toʻsiqlar saqlanib qolayotgani, kreditni qaytarish grafiklari esa biznes turiga moslashtirilmayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Kreditlarni qaytarish muddatlarini dehqonchilik, savdo va boshqa biznes yoʻnalishlarining oʻziga xos xususiyatlariga qarab belgilash zarurligi taʼkidlandi.

Moliyalashtirish mexanizmlari har chorakda yangilanadi

Kredit, subsidiya va kompensatsiya shartlarini farmon hamda qarorlar bilan belgilash amaliyotidan voz kechilishi maʼlum qilindi.

Endi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank hududlarning salohiyatidan kelib chiqib, moliyalashtirish mexanizmlarini har chorakda yangilab boradi.

Tuman shtablari mahallalardagi hokim yordamchilarini “loyihabay” ishlash tizimiga oʻtkazadi.

Buning uchun 8 ming 992 ta mahalladagi hokim yordamchilari dastlab vazifa bajaruvchi etib tayinlanadi. Keyinchalik fidoyi va tashabbuskor xodimlar lavozimiga qayta tayinlanib, faoliyati talabga javob bermaydigan kadrlar almashtiriladi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+