Kobeyjing kartalari nima va ularning qanday afzalliklari mavjud?
Bunday turdagi mahsulotlar hozirda Oʻzbekiston banklarida keng ommalashib borayotgan boʻlib, mijozlar uchun bir qator qulayliklar yaratmoqda.

Kobeyjing kartalari — bitta kartada bir nechta toʻlov tizimlarini birlashtirgan maxsus bank mahsulotidir. Bu kartalar odatda mahalliy va xalqaro toʻlov tizimlarini qoʻllab-quvvatlaydi, bu esa foydalanuvchilarga turli mamlakatlarda ham bemalol toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyatini beradi. Masalan, bitta kobeyjing karta orqali Uzcard-Mastercard, Humo-Visa kabi kombinatsiyalarni ishlatish mumkin.

Bunday turdagi mahsulotning tashqi koʻrinishi oddiy bank kartalaridan farq qilmaydi, ammo unda bir nechta toʻlov tizimlarining logotiplari joylashgan boʻladi. Masalan, kartada Uzcard va Mastercard yoki HUMO va Visa logotiplari birgalikda aks etgan boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, har bir karta maxsus CVV (Card Verification Value) kodi bilan taʼminlangan boʻlib, bu kod onlayn toʻlovlarni amalga oshirishda xavfsizlikni oshiradi.
Kobeyjing kartalarining asosiy afzalliklaridan biri – bitta karta orqali ham mahalliy, ham xalqaro toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyatidir. Bu, ayniqsa, tez-tez xorijga chiqadigan yoki xalqaro onlayn xizmatlardan foydalanuvchi shaxslar uchun juda qulay. Shuningdek, ushbu kartalar ikki toʻlov tizimining afzalliklarini birlashtiradi: mahalliy tizim orqali ichki tranzaksiyalarni tez va imtiyozli shartlarda bajarish mumkin, xalqaro tizim esa dunyo boʻylab toʻlovlarni amalga oshirishga imkon beradi.
Valyuta konvertatsiyasi ham muhim jihatlardan biri boʻlib, u turli valyutalarda operatsiyalarni muammosiz bajarishga yordam beradi. Bundan tashqari, kobeyjing kartalarining yana bir qulayligi – alohida ikkita karta ochish zaruratini yoʻqotishi va shu orqali ortiqcha harajatlarni kamaytirishidir.
Kobeyjing kartalaridan foydalanishda bank xizmatlari shartlari bilan avvaldan tanishib chiqish, shuningdek xavfsizlik uchun kartadagi CVV kodini hech kimga oshkor qilmaslik zarur.