Kiberjinoyatchilar 2021–2024 yillarda fuqarolardan 1,9 trln soʻm oʻgʻirladi
Faqatgina 2024 yilning oʻzida ushbu koʻrsatkich 603 mlrd soʻmni tashkil etdi.
Kiberjinoyatlarning 98 foizini bank kartalari bilan bogʻliq oʻgʻirlik va firibgarlik holatlari tashkil qiladi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda kiberjinoyatlar soni keskin darajada oshdi. IIV huzuridagi Kiberjinoyatlar markazi maʼlumotlariga koʻra, oxirgi besh yil ichida bunday jinoyatlar soni 68 baravarga koʻpaygan. Bu haqda 29 may kuni mazkur markazda tashkil etilgan press-turda maʼlum qilindi.
2024 yilda kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlar soni 2023 yilga nisbatan 9,1 baravarga oʻsgan. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslardan kiberxuquqbuzarliklar yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlar soni 34 baravarga koʻpaygan.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 2021–2024 yillar davomida kiberjinoyatlar oqibatida fuqarolarning 1 trillion 909 milliard soʻmdan ortiq mablagʻi talon-toroj qilingan. 2024 yilning oʻzida esa zarar 603 milliard soʻmni tashkil etgan. Bu raqamlar kiberjinoyatlar nafaqat koʻlam, balki moliyaviy oqibatlari jihatidan ham katta xavf solayotganini koʻrsatadi.
Kiberjinoyatlarning asosiy qismini — 98 foizini — bank kartalari bilan bogʻliq oʻgʻirlik va firibgarlik holatlari tashkil qiladi. Ularni amalga oshirishda esa quyidagi usullardan foydalanilmoqda:
- 60 foizi — zararli havolalar yoki dasturlar orqali qurilma yoki bank kartasi boshqaruvini qoʻlga kiritish;
- 16 foizi — turli aldovlar bilan SMS orqali tasdiq kodini olish;
- 4 foizi — shaxs nomiga onlayn kredit rasmiylashtirish orqali;
- 11 foizi — onlayn savdo platformalaridagi firibgarliklar orqali;
- 9 foizi — boshqa usuldagi firibgarlik sxemalari orqali fuqarolar mablagʻlarini oʻzlashtirish tarzida sodir etilmoqda.
Kiberjinoyatlar turlari ham keskin koʻpaygan. Masalan, 2019 yilda axborot texnologiyalari orqali 18 turdagi 863 ta jinoyat qayd etilgan boʻlsa, 2024 yilda bu koʻrsatkich 62 turdagi 58 800 ta jinoyatga yetgan. Bu esa jinoyatchilik tarkibida kiberjinoyatlar ulushi ortib borayotganini anglatadi.
2023 yilda kiberjinoyatlar umumiy jinoyatlar sonining 6,2 foizini tashkil etgan boʻlsa, 2024 yilda bu koʻrsatkich 44,4 foizga yetgan — yaʼni har ikkita jinoyatdan biri internet va axborot texnologiyalari orqali amalga oshirilgan.