Irakli Elashvili Asakabank boshqaruvi raisi etib tayinlandi
Irakli Elashvili Asakabank boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Bank-moliya sohasida 20 yildan ortiq xalqaro tajribaga ega mutaxassis avval Ipoteka-bank boshqaruvi raisining oʻrinbosari lavozimida ishlagan. Yangi rahbar bankning transformatsiya jarayonlarini davom ettirish va xususiylashtirishga tayyorgarlik koʻrish ishlariga rahbarlik qiladi.

“Asakabank” AJ boshqaruvi raisi lavozimiga Irakli Davidovich Elashvili tasdiqlandi. Bu haqda bank matbuot kotibi xabar berdi.
Yangi rahbar bank-moliya sohasida 20 yildan ortiq xalqaro tajribaga ega. U 2025 yildan 2026 yil sentabrigacha Ipoteka-bank boshqaruvi raisining oʻrinbosari hamda Korporativ bank xizmatlari va bozor instrumentlari bloki rahbari sifatida ishlagan.
Elashvili faoliyati davomida Buyuk Britaniyaning Barclays Bank, Fransiyaning BNP Paribas, Gruziyaning TBC Capital va FINCA Bank Georgia moliya tashkilotlarida turli rahbarlik lavozimlarini egallagan. Shuningdek, Hamkorbank kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi sifatida ham faoliyat yuritgan.
U 2002 yilda Tbilisi davlat universitetining bank ishi va moliya yoʻnalishini tamomlagan. 2008 yilda esa London Business School’da biznes boshqaruvi boʻyicha MBA darajasini olgan.
Asakabank maʼlumotiga koʻra, yangi rahbar oldiga bankning transformatsiya jarayonlarini davom ettirish, korporativ boshqaruv va operatsion samaradorlikni oshirish, raqamli xizmatlarni rivojlantirish hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish vazifalari qoʻyilgan.
Bundan tashqari, bankning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va uni xususiylashtirish jarayonlariga tayyorlash ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilangan.









