Iqtisodchi Botir Qobilov InFinBank kuzatuv kengashi tarkibiga kirdi
InFinBank aksiyadorlari iqtisodchi Botir Qobilovni bank kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi etib sayladi. U 9 oktabrdan vakolati muddatidan oldin tugatilgan Shuhrat Mirzarahimov oʻrnini egalladi. Harvard biznes maktabida PhD darajasini olgan Qobilov hozir Dallasdagi Texas universitetida assistent-professor boʻlib ishlaydi.

InFinBank aksiyadorlari iqtisodchi Botir Qobilovni bank kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi etib sayladi. Uning vakolati 9 oktabrdan boshlanib, uch yillik muddat yakunida oʻtkaziladigan aksiyadorlarning yillik umumiy yigʻilishigacha davom etadi.
Qaror bank aksiyadorlarining 8 oktabr kuni oʻtkazilgan navbatdan tashqari umumiy yigʻilishida qabul qilingan. Qobilov kuzatuv kengashida Shuhrat Mirzarahimov oʻrnini egalladi.
Botir Qobilov 2024 yildan buyon AQShning Texas universiteti Dallas kampusida buxgalteriya hisobi boʻyicha assistent-professor sifatida ishlaydi. U 2024 yilda Harvard biznes maktabida PhD darajasini olgan, Dyuk universitetida iqtisodiyot boʻyicha magistratura hamda Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida bank ishi va moliya yoʻnalishida bakalavriatni tamomlagan.
Iqtisodchi avval Oʻzbekiston Markaziy bankida yetakchi iqtisodchi sifatida ishlagan. Hozir u Markaziy bank huzuridagi Tadqiqot kengashi aʼzosi ham hisoblanadi.









